Ранг схемаси

Ulashov Himmat Ulashovich


19.07.2017

Ulashov Himmat Ulashov  Odamlar uzoq umr ko‘radi. Elim deb, yurtim deb mehnat qiladi. Ba’zilar Vatan uchun jonini fido etadi, ba’zilar halol ishlab, Faxriylar safidan munosib o‘rin oladi. Vatan ozodligi va mustaqilligi uchun jonini fido etgan ajdodlar yodi minnatdor avlodlar xotirasida abadiy saqlanadi. Vatan ravnaqi, farovon hayot uchun fidokorona mehnat qilgan faxriylar e’zozlanadi. Bir necha yillardan buyon “Xotira va qadrlash kuni” yurtimizda keng nishonlanmoqda. Poytaxtimiz markazida bunyod etilgan Xotira va qadrlash maydoniga mangu alanga yodgorligi va Motamsaro ona haykali o‘rnatilgan.  Hiyobon ayvonidagi “Xotira kitobi”ga esa Ikkinchi jahon urushida farovon kunlarimiz uchun jonlarini fido qilgan o‘zbekistonlik jangchilarning nomlari bitilgan, xotiralari abadiylashtirilgan. YUrtdoshlarimiz o‘sha qonli urushda jonajon yurtimiz, uning ozodligi va mustaqilligi, yorug‘ kelajagi uchun jon fido qilganlar. Mana shunday mard o‘g‘lonlardan biri Ulashov Himmat Ulashovich bo‘ladilar.

            Ulashov Himmat Ulashovich 1918 yilda Samarqand viloyati Nakurt tumanida tug‘ilgan. Ayrim sabablarga ko‘ra Payariq tumani Go‘zal mahallasiga ko‘chib kelishgan. Endigina 16 bahorni qarshilagan Himmat bobo 1934 yilda armiya safiga qo‘shildi. Pushkin shahrida kichik ofitserlar kursini tamomladi va Finlyandiya urushida qatnashdi. 1941 yildan o‘zbek xalqi uchun juda og‘ir yillar boshlandi, ya’ni jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan Ikkinchi jahon urushi boshlandi. Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston hali sobiq SSSR tarkibidagi mustamlaka edi. Binobarin, 1941 yilning 22 iyunida fashistlar Germaniyasi sobiq SSSRga hujum qilgach O‘zbekiston ham urushga tortildi. Ammo O‘zbekiston hududida harbiy harakatlar olib borilgan emas. Finlyandiya urushida o‘z jasoratini ko‘rsatgan Himmat bobo ham o‘zbek yigitlari singari bu urushga safarbar etildi. Urushga chaqirilganlarni olib ketish uchun bir joyga to‘plashdi. Yigitlarning oldida ular bilan xayrlashayotgan ota-onalari, yor-u birodarlari turar edi. Kimdir onasi, kimdir otasi, kimdir o‘z ayoli va yana kimdir farzandi bilan xayrlashar edi. Himmat bobo ham o‘z yaqinlari bilan xayrlashar, onasi ko‘zidan liq to‘la yosh oqayotgan yuzini artib qo‘yar va onasining mungli yuziga qarab: “Ona albatta sog‘-omon bo‘lib yana ko‘rishamiz”,- degan edi. Onasi esa uning peshonasidan o‘pib, non tishlatib qo‘ydi. Barcha yigitlarni olib ketishdi. Ularning ortidan yana o‘g‘illarining diydorini ko‘rish nasib etadimi, yo‘qmi, bilishmasdi. Ota-onalari ancha paytgacha qo‘l siltab turishdi... O‘sha yildan Himmat bobo 115-o‘qchi diviziyasida xizmat qila boshladi. Urush boshlanganiga ham bir yil bo‘lgan edi. Urushga ketganlarning ba’zilaridan “qoraxat” ya’ni urushda halok bo‘lganligi to‘g‘risida xatlar kela boshladi. Urushda halok bo‘lganlarning bolalari tirik etim bo‘lib qolishdi. Ba’zi yigitlarning ota-onalari o‘g‘lining urushda halok bo‘lganlarini eshitib, bunday halokatlarga yuraklari dosh bermadi. Himmat bobo Leningrad qamalida ishtirok etdi. 1942 yilda Leningrad ostonasida bo‘lgan jangda Himmat bobo ham ishtirok etdi. Bu jangda hamma yoqdan otishma ovozi eshitilar, odamlar bir-biriga qarata o‘q uzishar, qaerlardandir gumburlagan ovoz eshitilar edi.  Jang paytida Himmat boboga o‘q tegdi. Ayanchli jang maydonidan Himmat boboni Katya ismli hamshira qiz olib chiqadi va uning hayotini saqlab qoldi. Himmat bobo Katyaga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Hamshira qiz Katya esa: “Mening o‘rnimda boshqa inson bo‘lganida ham shunday qilgan bo‘lardi”,- deb Himmat boboning jarohatini tezda bog‘lab boshqalarga ham yordam bera boshladi. SHunday qilib Himmat bobo va Katya qadrdon do‘st bo‘lib qolishdi.   1943 yildan keyin Himmat bobo Kalinin frontida, I-Ukraina frontlarida jang qildi. Leningrad qamali 900 kun davom etdi. Qamaldagi insonlardan ne kulfatlar o‘tmadi. Ular ocharchilikni boshidan kechirishdi. Ocharchilik davrida odamlar it, mushuk, kalamushlarni ham tutib eyishdi. Himmat bobo Polshada jang vaqti og‘ir yarador bo‘lib, 1945 yilda O‘zbekistonga qaytib keldi. Bundan so‘ng o‘n yil davomida ichki ishlar tizimida xizmat qildi. 1975 yilgacha Himmat bobo hayotini saqlab qolgan hamshira qiz Katya bilan xat yozishib, bir-birlarining holidan xabar olib turishdi.       Himmat bobo oltita qiz va to‘rtta o‘g‘il farzandni voyaga etkazgan.  Ikkinchi jahon urushi frontlarida halok bo‘lganlarning xotirasini abadiylashtirish uchun 1998 yilda O‘zbekistonda fashistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan g‘alabani umummilliy “Xotira va qadrlash kuni” deb belgilandi. Har  yili 9 may kuni Himmat bobo “Katyusha” qo‘shig‘ini aytar edi. Himmat boboga to‘rtta orden va o‘n sakkizta medallar berilgan. 2004 yilda Himmat Ulashov 86 yoshida vafot etdiich

Жасорат ҳақида ёзиш

Сиз xotira.uz порталида яқинларингиз урушда кўрсатган жасорати ҳақида сўзлаб бериш имконига эгасиз. Биз биргаликда Иккинчи жаҳон урушида ватандошларимиз кўрсатган жасорати ҳақидаги хотирани сақлаб қоламиз ва келажак авлодга етказамиз.