Ранг схемаси

Suvaydulla Do‘smuhamedov


19.07.2017

Dunyo keng, unda yaxshi odamlar ham behisob. Yomonlari ham etarli. Yomon odamlarning  fitnalari, turli nayrangu o‘yinlari, ochko‘zliklari bois, dunyoda urushlar bo‘lgan, afsuski  hamon bu jarayon o‘zgacha tusda  davom etayapti. Lekin baribir  bu yorug‘ olam mehr taftidan  chiroyli. Mehr borki, insonlar bir-birlarini avaylaydilar, e’zozlaydilar, xotirlaydilar.Xotira uyg‘onsa go‘zal deydilar. Xotira uyg‘onadigan payt esa dildan suhbatlar qurilgan paytlar sanaladi. Dam olish kunini men juda ham yaxshi ko‘raman. Nima uchun deganda mana  shu kun menga  ko‘proq otam va onam bilan  yurakdan suhbatlashish imkonini beradi-da. Men otam va onam bilan suhbatlashganimda o‘zimning dilimdagi ko‘plab savollarga javob olaman, o’zimga yarasha xulosa chiqaraman.  “Mening bobom va buvim – qahramon” mavzusidagi insholar  tanlovi   e’lon qilingach, men navbatdagi dam olish kunini ham intizorlik bilan kutib, dadam bilan  ularning bobo-buvilari, ya’ni mening buvijonim Manzura Muhamedovaning  ota-onalari haqida o‘zimni qiziqtirgan savollarni berib dildan  suhbat qurdim.To‘g‘ri men ham katta buvam 2- jahon urushi qatnashchisi 1914 yilda tavallud topib, 2009 yilda vafot etgan Suvaydulla Do‘smuhamedovni ko‘rganman, ular bilan birga yashaganman. Lekin o‘sha paytda  jajji qizaloq  bo‘lganim uchun ko‘p narsani tushunmas, har kuni bog‘chaga ketayotganimda qo‘llarimga tutadigan konfet, qurutdan, qaytib kelganimda  qarsak chalib “Qani bulbul qizim  bir she’r aytginchi” deb mendan she’r kutishlaridan  boshqa narsalarga u qadar ham ahamiyat bermagan ekanman.Endi bilsam, buvajonim  2- jahon urushi qatnashchisi bo‘lib ko‘plab nufuzli orden, medallar olgan, urush dahshatlaridan aziyat chekkan insonlardan biri bo‘lgan ekanlar.

   Buvamning otamga hikoya qilib berishlaricha, 1941-yili Suvaydulla buvamlar uzoq   vaqt kutilgan orzulari ushalib, ota degan nomga sazovor bo‘lib, jaji kichkintoyga mehr berib umr kechirayotgan  paytlarida 2- jahon Urushi boshlanib, ular ham jang maydonlariga qarab yo‘l olgan ekanlar. Bir kuni adashib buvamlar urushda halok bo‘lgan degan qora xat kelibdi. Bu xabardan ularga “oq yo‘l” tilab kuzatib qolgan onalari Sorabibi  betob bo‘lib olamdan o‘tibdilar. Umr yo‘lodoshlari Jamila opani   “qiyin qattiq davrda yolg‘iz o‘zi  bolasi bilan qiynalib qoladi”- deb Ohangaronlik kishiga  majburlab turmushga berib yuborishgan, uylarini esa sotib, buvamlar amakilariga omonat topshirib ketgan qoramollarini sotib yuborishgan ekan. Bu gaplardan mutlaqo xabari yo‘q, buvam qonli urushdan eson omon, shoda –shoda orden medallar bilan uyga qaytganlarida butunlay hamma narsalaridan, ya’ni  eng aziz inson - onalari, orziqib kutgan o‘g‘illari-yu, rafiqalaridan,  shuningdek boshpanalaridan ayrilgan ekanlar. Xullas, buvam   o‘z mehnatlari  bilan, chorva mollari va parrandalar boqib, yana hammasini boshidan boshlab,  Zubaydaxon ismli ayol bilan umr yo‘llarini bog‘lab,  10  nafar farzandli bo‘lib, hammalarini uyli-joyli qilgan ekanlar. Ha, o‘ylab ko‘rsak bu ishlar huddi  osondek tuyuladi, lekin aslida bu qahramonlikdir.Ularni  ko‘ksilarini bezab turgan orden medalllar ham bobomning qahramon insonlardan biri ekanligini isbotlaydi. Suvaydulla Do‘smuhamedov bobomlar 2004-yilda birinchi prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich tomonidan “SHuhrat” medali bilan ham taqdirlangan ekanlar. 

Urushda bobom jangchi bo‘lganlar

Bor kuch g‘ayratla yovni qirganlar.

Vatan hurmati jondan aziz deb

Balo ofatga qalqon bo‘lganlar.

   Endi katta buvimiz Do‘smuhamedova Zubaydaxon aya haqlarida  dadam aytib berganlaridan xulosa qilib  yozadigan bo‘lsam, ular juda mehnatkash, uddaburron, chaqqon va aqlli, kimdir suv so‘rasa choy tutadigan, birovning g‘amiga ham o‘zidan ortib chora qidiradigan o‘sha paytdagi “Malika” fabrikasining eng faol ishchilaridan biri sanalgan,  Urush qatnashchilariga kiyim tikishda, front ortida jonbozlik ko‘rsatgan muhtarama ayollardan  bo‘lgan ekanlar.  “Yetti kelinning qaynonasi bo‘lib, yetti qavat ko‘rpachada o‘tiraman” demay,  o‘zlari kelinlarday xizmatdan hecham bo‘yintovlamagan ekanlar. Zubaydaxon buvimiz 10 nafar farzandli bo‘lganlari uchun “Qahramon ona” va ish joylaridagi fidokorona faoliyatlari uchun mustaqilligimizning dastlabki yillarida “SHuhrat” medali bilan taqdirlangan ekanlar.

Ha, mening katta bobom va buvim qahramon bo‘lishgan. Endi biz nabiralar ham ularga munosib voris bo‘lmog‘imiz darkor.Faqat urushlarda emas, ilm-fan, adabiyot va san’at  sohalarida olamshumul ishlarni amalga oshirib, go‘zal xulqimiz, sadoqat va mas’uliyatimiz bilan vatanga xizmat qilib, doimo sergak va ogoh bo‘lib yashasak hamma ishlar kutganimizdan ham a’lo darajada bo‘lsa ajab emas.

Dadam:-Bolalarning duosi  ijobat bo‘ladi, har kuni qo‘llaringizni ochib butun dunyoga tinchlik so‘rang deb , -  biz farzandlarga uqtiradilar. Va televizor orqali ko‘rsatilayotgan yangicha ko‘rinishda namoyon bo‘layotgan urushlar, turli qonli to‘qnashuvlarga sharh beradilar.Kuni kecha qo‘limga bir varaq ruchkada yozilgan she’rni berib: - Mana shu she’rni bir o‘qib ko‘rchi dedilar. O‘zbakiston xalq shoiri Abdulla Oripov qalamiga mansub  ushbu she’rni o‘ta ta’sirchaligidanmi, darrov yodlab oldim.

Tongda ayvoningga chiqasan yayrab,
Tarbiyat qilasan jismu joningni.
Tinchlik degan bir qush tepangda sayrab
Qo‘riqlab turadi xonadoningni.
Xolbuki ellar bor qirq yildan buyon
Motam libosini echgan emasdir.
Har zum falokatga mahkumdir inson
Tinchlik degan so‘z ham demak abasdir.
Yuvinib, taranib jo‘naysan ishga
Kundalik yumushni o‘ylaysan faqat 
O‘rganib qolgansan sokin turmashga
Yoningdan oqadi osoyishta vaqt.
Holbuki dunyoda shunday joylar bor
Tekshirib ko‘radi paypog‘inggacha
Kimliging so‘raydi takror va takror
 So‘raydi yetti pusht aymog‘inggacha.
Bu holning tagiga etganlar bormi
Daryo ham yondoshdir saxrolar bilan
Nafratda yashaydi dunyoning yarmi
 Yarmi esa yashar duolar bilan.
Istagim, dunyoning yarmi emas, butun hammasi duolar ichra yashnab, nafrat bilan emas, balki muhabbat bilan yashasin. O‘tganlarimizning  ruhi shod bo‘lsin. Ehtirom ila Toshkent shahar, Uchtepa tumanidagi 193- maktab o‘quvchisi E’zoza Muhamedova. +998935309948  +998712470649.  
 
 

Жасорат ҳақида ёзиш

Сиз xotira.uz порталида яқинларингиз урушда кўрсатган жасорати ҳақида сўзлаб бериш имконига эгасиз. Биз биргаликда Иккинчи жаҳон урушида ватандошларимиз кўрсатган жасорати ҳақидаги хотирани сақлаб қоламиз ва келажак авлодга етказамиз.