Ранг схемаси

Obloqul Mansurov


19.07.2017

 
Vatan tuyg`usini har bir inson o`zicha anglaydi. Uning taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg`usi har bir yurtdoshimizning yuragida mustahkam joy olgan.Yurt tinchligi va osoyishtaligini saqlash yo`lida jonini fido qilgan insonlarni   yodga olish, ular xotirasiga hurmat bajo keltirish insoniy burchimizga aylangan. Bunday jasur shaxslar bugun oramizda bo`lmasa-da, ular sadoqat timsoli sifatida xalqimiz qalbida ibrat bo`lib qoladi. Insoniyat tarixida eng qirg`inbarot bo`lgan Ikkinchi jahon urushi tugaganiga  72  yil to`lyapti .Uning xalq xo`jaligiga yetkazgan oqibatlari allaqachon tugatilgan, ammo odamzod qalbida qoldirqan jarohati, asorati hamon bitgan emas. Ikkinchi jahon urushi boshlanganida yurtimizda  6,5 million xalq yashagan bo`lsa, shundan 1,5 milliondan ortig`i  urishda qatnashgan.Ularning 500 ming nafari o`zga o`lkalarda halok bo`lgani, yana qancha-qanchasi mayib-majruh bo`lib qaytgani, qanchasi bedarak yo`qolgani hisobga olinadigan bo`lsa, bu g`alaba xalqimiz uchun naqadar qimmatga tushgani yaqqol namoyon bo`ladi.
 Xalqimiz urush yillarida chinakam matonat va jasorat ko`rsatgan. O`zbekistonga bir millionga yaqin kishi evakuatsiya qilingan. Ularning  200 mingdan ziyodi bolalar bo`lgan. Yuzlab o`zbek oilalari bu bolalarni o`z panohiga olgan. Toshkentlik Shomahmudovlar oilasi 14  nafar, kattaqo`rg`onlik Samadovlar oilasi 12, buxorolik Jo`rayev va Asho`rxo`jayevlar oilasi  8  nafardan bolani o`z bag`rida olgan. Bunday misollarni yana ko`plab keltirish mumkin.
 Har gal oila davramizda bobomni eslasak yuragim faxr tuyg`usiga to`lib, suymolari ko`z oldimda gavdalanadi. Bobom-Obloqul Mansurov 1917-yil 24-aprel Samarqand tumanida  tug`ilgan.Tuman markazidagi maktabni bitirib, Kuybishev nomli kolxozda oddiy xo`jalik ishchisi bo`lib ishlagan.1937-yil harbiy xizmatga borib,1939-yil Finlandiya urishiga qatnashgan.1940-yil urushdan qaytib, xo`jalikda  “Komsomol” tashkilotining kotibi  bo`lgan. 1941-yil birinchilar qatori Ikkinchi jahon urushiga borgan. Minskdan Smolenskgacha shiddatli janglarda qatnashib, uch marotaba yarador bo`lgan va 1943-yil urushdan qaytib kelgan. Bobom Obloqul Mansurov  “Jasorat uchun” medal va Ulug` Vatan urushi” ordenlari bilan mukofotlangan. Shu og`ir yillarda Kuybishev nomli kolxozda xo`jalik boshqaruv raisi vazifasida ish boshlagan .Bobom  20 yillik raislik davrida Yangi ariq massivida  200 gektar  tokzor, 200 gektar bog`lar barpo etgan va qoloq xo`jalikni nihoyatda qudratli, boy xo`jalikka aylantirgan. Moskvadagi Xalqaro ko`rgazmaga ko`p marotaba qatnashib,  I,II,III darajali Xalqaro ko`rgazma g`olibi, ulkan xizmatlari uchun  “Hurmat belgisi”, “Mehnat qizil bayroq”  orden, medal, va diplomlar sohibi bo`lganlar. Xo`jalik hududida katta majlislar zali, idora, bolalar bog`chasi, maktablar (hozirgi 16,17,19,5,42)binolari shu kishining tashabbusi va rahbarligida qurilgan. Hozirda Samarqand tumanidagi “Gulbog`” mahallasining bosh ko`chasi Darg`om kanaligacha Obloqul Mansurov nomiga atab qo`yilgan.
  Bobom Sarvar buvim bilan 8 nafar farzandni oliy ma`lumotli qilib tarbiyaladilar. 25 nafar nevara, 50 dan ortiq chevaralari “Xotira va qadrlash” kunida bobo va buvimizni yodga olib, qabrlarini ziyorat qildik.
  Har yili mamlakatimizda 9 may-Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. “9 may-Xotira va qadrlash” kuni bu yil mamlakatimiz bo`ylab o`zgacha ruhda nishonlanmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 4 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag`batlantirish to`g`risida”gi farmoni hamda ”Xotira va Qadrlash kuniga tayorgarlik ko`rish va uni o`tkazish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida urush qatnashchilari holidan xabar olish, yurt tinchligi va ozodligi yo`lida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasini yod etishdek ezgu maqsadlar mujassam. Ushbu hujjatlar ijrosi yuzasidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining har biriga Prezidentimiz tabrigi, 2 million so`mdan pul mukofoti, navbatsiz mashina olish uchun sertifikat topshirildi, ehtiyojmandlarga uy berildi. O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Xotin-qizlar ko`mitasi, ”Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Badiiy akademiya, Respublika Ma`naviyat targ`ibot markazi, ”Nuroniy” jamg`armasi, ”Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda Vatanimiz ozodligi himoyachilariga bag`ishlangan uchrashuvlar va ma`rifiy-badiiy kechalar o`tkaziladi. “Xotira va qadrlash” kuni viloyatimizda ham keng nishonlanmoqda. 132 nafar urush qatnashchilari, 6514 nafar front orti mehnat faxriylari pul mukofotlari, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar bilan ta`minlandi. Urush qatnashchilarining barchasiga yurtimizda ishlab chiqarilgan avtomashinalarni navbatsiz xarid qilish uchun sertifikatlar topshirildi. Shu kunigacha viloyatmizdagi urush faxriylarining 60 nafari avtomashina sohibi bo`lgan bo`lsa, 6 nafarining uyi ta`mirlandi.Tadbirlar davomida viloyatimizdan 46 874 nafar o`zga o`lkalarda halok bo`lgan yoki bedarak yo`qolgan askarlar yodga olindi.
                    Xotira
Xotira-mukarram, xotira-aziz
Unda do`stu yorlar yodi jamul-jam
Ba`zan tuyuladi xotiralarga
Suyanib turganday bu ko`hna olam.
Dilga yashar ekan o`tganlar yodi
Hayiqmay oshamiz dovondan-dovon
Qalbingdan guldasta yasa ularga
Seni xotiralar asraydi omon.

Жасорат ҳақида ёзиш

Сиз xotira.uz порталида яқинларингиз урушда кўрсатган жасорати ҳақида сўзлаб бериш имконига эгасиз. Биз биргаликда Иккинчи жаҳон урушида ватандошларимиз кўрсатган жасорати ҳақидаги хотирани сақлаб қоламиз ва келажак авлодга етказамиз.