Ранг схемаси

MENING BOBOM VA BUVIM QAHRAMON


19.07.2017

“Tarixsiz - kelajak yo’q” deb bejizga aytishmaydi. Tarixni bilmagan insonning kelajagi ham bo’lmaydi. Bizning O’zbekistonimiz go’zal tarixi bilan barcha ellar yonida mag’rur bosh ko’taradilar. Mening bobom va buvim o’z tarixini o’ylab, ba’zan do’stlaridan ajralganidan, ba’zan shu do’stlarining qurbonliklari evaziga hozirda hur O’zbekiston gullab-yashnayotganidan shukronalik hissi bilan yashashgan. Ular do’stlarini tez- tez xotirlab turishar edi. 
Xotira - ulug’ qadriyat. Zero, o’tganlarni xotirlab yashash bugungi kunga shukronalikdir. Ikkinchi jahon urushida qatnashib halok bo’lgan yurtdoshlarimizni xotirlash ularga bo’lgan ehtiromdir. Shu nunosabat bilan 9-may- Xotira va qadrlash kuni yurtimizda keng miqyosda nishonlanadi. Bu kunda o’tganlarning ruhiga ehtirom ko’rsatiladi va ularning oilalaridan xabar olinadi. Ikkinchi jahon urushida qatnashganlar ona vatanning tinchligi, yurtdoshlari va millatdoshlarining erkin yashashi uchun aziz jonlarini fido qilganlar. Shuning uchun biz bu kunda ularning xotirasini yodga olamiz, ular xotirasi uchun ehtirom bildiramiz. 
Bobom bizga Ikkinchi jahon urushi davrlaridan shunday hikoya qilar edilar: 
- Akam 1941-yil, men askarlik yoshim yetganidan so’ng 1943-yilda urushga ketdim. Akam urushdan qaytmadilar. Yoshmiz. Hayotimizning eng navqiron davri. Urush qanday og’ir bo’lishini bilmas edik. Dastlab quruqlikdagi qo’shin safida jang qildim. Keyin tankchi, razvedkachi bo’lib xizmat qildim. 
Janglarning birida yaralandim. O’q chap qo’limni teshib o’tdi. Davolanish uchun harbiy gospitalga joylashtirildim. Mazkur gospitalda yotganimda qiziq holatga duch kelganman. Hamshira bemorlarga uch-to’rt dona qora mayiz va ikki dona olma qoqi tarqatib, ertalab va kechqurun bir donadan yeyishimizni tayinlab ketdi. Men mayizning hammasini yeb, olma qoqini shimib yotdim. Yonimda yotgan bemor rus millatiga mansub edi. U hayron bo’lgancha: “Nega dorining hammasini yeb qo’yding?” - deb  so’radi. Uning so’zlariga kulgim kelsa, jannatmakon yurtimiz, jonajon Vatanimiz sog’inchini olma qoqi tamidan tuyib yig’lagim kelardi. Qishlog’imizning tabiati, bolalik xotiralarim ko’z oldimda jonlangandi. 
Bobom ko’ziga yosh kelib, miyig’ida kulib: “O’z uying - o’lan to’shaging”- deya hikoyasini tugatgan edilar. 
Afsuski, bobom hozir oramizda yo’q. Bobom urushda vatanim, xalqim deb jon-jahdi bilan kurashganlar. Urush yillaridan so’ng esa tinch mehnat sharoitida,  xalqimizga, yurtimizga nafim tegsin degan maqsadda doimo xuddi yosh, navqiron yigitlardek faoliyat olib borgan, dehqonchilik bilan shug‘ullanib, el dasturxonini noz-u ne’matlar bilan to‘ldirgan. Xalq hasharlarida tashabbuskorlik ko‘rsatib, barchaga ibrat bo‘la olgan. Bobomning bor mehrini yerga berib, o’z meva va sabzavotlari bilan xalqning mehrini qozonganliklarini hali ham ko‘pchilik xotirlaydi. Bobom 2016-yil 97 yoshida olamdan ko’z yumdi. Agar hozir bobom yonimizda bo’lganida edi, men ularni bag’rimga bosib, bobojon men sizni yaxshi ko’raman degan bo’lar edim. 
Vatan mustaqilligi uchun o’z jonlarini fido qilgan shahidlarimizning xotirasi hech qchon yodimizdan o’chmaydi. Jasorat esa hech qachon unutilmaydi. Urush yillarida shahid ketgan yurtdoshlarimiz xotirasi uchun “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuyi O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti tashabbusi bilan 2000-yil 12-may kuni bunyod etilgan. 
  Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Bo’zsuv sohilida joylashgan ushbu yodgorlik majmuyini bunyod etish g’oyasi ilk bor O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 12-may sanasidagi farmoyishiga ilova etilgan “Qatag’on qurbonlari’ muzeyini yaratish to’g’risida’gi ma’lumotnomada ko’rsatilgan. “Ezgu xayrli ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida begunoh qurbon bo’lgan, surgun va qamoqlarda behad jabr-zulm ko’rgan, yot ellarga bosh olib chiqib ketishga majbur etilgan ming-minglab vatandoshlarimizning nomlarini xotirlash va qadrlash uchun poytaxtimiz Toshkent shahrida “Qatag’on qurbonlari” yodgorligini o’rnatish maqsadga muvofiqdir’’- deyiladi mazkur hujjatda. 
Hozirda urush faxriylari uchun davlatimiz rag‘bariyati tomonidan pul va uy-joy mukofotlari ajratilmoqda, ularga alohida g‘amxo‘rliklar ko‘rsatilmoqda. 
Bizning bugungi osoyishta va tinch kunlarga yetishimizga o’sha shahid ketgan yurtdoshlarimiz sababchi. Biz  ularni doimo yod etib yashaymiz.

Жасорат ҳақида ёзиш

Сиз xotira.uz порталида яқинларингиз урушда кўрсатган жасорати ҳақида сўзлаб бериш имконига эгасиз. Биз биргаликда Иккинчи жаҳон урушида ватандошларимиз кўрсатган жасорати ҳақидаги хотирани сақлаб қоламиз ва келажак авлодга етказамиз.