Ранг схемаси

Jo’rayev Hamroqul


19.07.2017

   Mening bobom Jo’rayev Hamroqul 1925-yilning 5-aprelida Samarqand viloyat Jomboy tuman Juriyat qishloq sovetidagi Mikoyan nomli kolxozning Qozon qishlog’ida kolxozchi-dehqon oilasida tug’ilgan. Bobomning otasi Xo’jaqulov Jo’raqul va onasi Umrzoqova Janglishlar bobom o’n yasharligida vafot etganlar. Shundan so’ng bobom Jomboy tuman internat maktablarida o’qigan va tarbiyalangan. 1943-yilning 4-aprelida  Samarqand shahar    pedbilim yurtining   III kursida o’qiyotganida Sovet Armiyasiga lyubilizatsiya qilingan. Ulug’ vatan urushida qatnashgan. Urush yillarida  “Za otvagu”, “Za boyeviye zaslugi”, “Za vzyatiya Berlina”, “Za pobedi nad Germaniyey” va “XXX let armii I flota” medallari bilan mukofotlangan.1949-yilning may oyida urushdan qaytadi. Shundan so’ng Samarqand oblast Jomboy rayon maktablarida o’qituvchi bo’lib ishlay boshlaydi va sirtdan Samarqand shahar bilim yurtida o’qiy boshlaydi. 1952-yil 25-avgustda pedbilim yurtini tamomlaydi. 1949-yildan to 1956-yilgacha Jomboy rayon maktablarida, avvalo, boshlang’ich, keyinchalik to’rt yillik, yeti yillik maktablarda fizika, matematika fanlaridan dars bera boshlagan. Bobom 1998-yilning 13-iyun kuni 73 yoshida vafot etgan.
          Buvim Jo’rayeva  Istam  1936-yil Samarqand viloyat Jomboy tumani Qozon qishlog’ida tug’ilgan. Buvim ham umr yo’ldoshi vatan uchun jangga kirganda qarab turmadi. Front ortida qolgan ayollar qatori buvim ham tun-u kun mehnat qilib, topgan-tutganlarini frontga jo’natdilar. Ularning matonati, sabr-bardoshi, ko’rsatgan qahramonliklari yosh avlod uchun katta ibrat maktabidir. Buvim  2011-yil 13-iyunda vafot etgan.
      May oyining boshlarida  o’tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi”da urush qatnashchilari va front ortida xizmat qilgan faxriylar, yig’ilganlarga dunyo xalqlari boshiga musibat solgan mash’um urush, o’sha og’ir kunlarni matonat bilan yengib o’tgan ota-bobolarimizning yengilmas irodasi, cheksiz matonati haqida so’zlab berdilar. Ona yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yo’lida fidoyilik, matonat ko’rsatgan insonlarning vatan oldidagi xizmatlari hech qachon unutilmaydi. Mening bobom ham umrining eng gullagan davrida, 18 yoshida urushga yuborilib fashizm ustidan g’alaba qozonishga hissa qo’shgan faxriylardan biri. Millionlab insonlarning yostig’ini quritgan mash’um urush xotiralari hanuzgacha ko’z oldimdan ketmaydi, - der edi bobom. Urushdan keyin ham xalqimiz ko’p qiyinchiliklarni boshidan kechirdi. Yaratganga behisob shukurki, keyin yurtimizda tinchlik va osoyishtalik hukmron bo’ldi. Tinchlikni ziddi bo’lgan urush insoniyat hayotiga ne bir kulfat-u musibatlarni solmagan, deysiz? 1939-1945-yillarda bo’lib o’tgan ikkinchi jahon urushi asoratlari hali ham xotiramizda nafaqat saqlanib keladi, balki uning iztiroblari har bir xonadonda qaysidir ko’rinishi bilan aks etib turibdi. Ma’lumotlarga ko’ra, qurol ko’tarib, jang qilishga qurbi yetgan 1,5 million vatandoshimiz urushga otlangan. 500 mingdan ko’proq yurtdoshimiz jang maydonlarida mardlarcha halok bo’ldi. Mardlik, jasorat, qahramonlik kabi insoniy fazilatlar urushda butun bo’y basti bilan namoyon bo’lganligi jangu jadal ishtirokchilarining taassurotlari orqali bilib olishimiz mumkin. 338 nafar yurtdoshimiz fashizm ustidan qozonilgan g’alabada mardlik va jasorat ko’rsatganligi  uchun qahramonlik unvoniga sazovor bo’lgan. Front ortidagi sabr bardosh, bag’rikenglik, iroda va matonat bugungi avlod uchun saboq bo’lmoqda. Bugun dunyo notinch, qadriyatlar transformatsiyasi  yuz bermoqda . “Ommaviy madaniyat unsurlari avj oldi”. Bu holat tinchlik va urush, ma’rifat va jaholat, qahramonlik va sotqinlik masalalari o’rtasidagi kurashning yanada kuchaytirayotgandek, nazarimda. Shu bilan birga ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylarining bugungi nurafshon kunlarga yetishimizda qo’shgan hissasi, matonati, mardlik va jasoratining ahamiyatini keng aholi qatlami, ayniqsa, yoshlar o’rtasida tushuntirish, targ’ib va tashviq etish borasida olib borilayotgan tadbirlar bizdek yosh avlodlarni vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Urush bevosita yurtimiz ostonasigacha kirib kelmagan bo’lsada u uqubat solmagan birorta xonadon qolmagan edi, - deya xotirlar edi bobom. O’sha davrda qo’liga qurol ushlashga yaraydigan barcha erkaklar urushga otlangan, barcha sohalardagi ish va oila yumushlari deyarli ayollar yelkasida qolgan edi. Oiladagi yetishmovchilik tufayli ust-bosh yo’qligi yoki qorni to’yib ovqatlana olmasligi sababli bolalar maktabga borolmas edi, deydi buvim. Garchi o’zlari bo’lmasada, ularning xotirasi bizning qalbimizda barhayot.
      Har safar urush qatnashchisi bilan suhbatlashmoqchi bo’lsam, dahshatli xotiralarini so’rashga iymanaman. O’sha suronli urush manzaralariga ularni xayolan qaytarib, qalbiga og’riq uyg’otib ko’nglini azoblashdan qo’rqaman. Ammo ularning jang maydoniga qahramonligi, matonati bugungi yosh avlodga ibrat qilib ko’rsatish, farovon kunlarning qadrini anglashga yordam beradi. Dadamning aytishicha, bobom u vaqtni shunday xotirlarkan: Biz yosh, endi xayotimizning navqiron davrida edik. Urush qanday og’ir bo’lishini bilmasdik. Dastlab, quruqlikdagi qo’shinlar safida jang qildim. Keyin tangchi, razvedkachi bo’lib xizmat qildim. Janglarning birida yaralandim. O’q qo’lim barmoqlarini teshib o’tdi. Harbiy gospitalda yotib davolandim. Bir qancha safdoshlarim esa urush qurbonlari bo’lishdi.
Ota edi- ular oilaga bosh,
Faxrlanib eslar o’g’il-qizlari,
Nogahon ko’zlardan sizib chiqar yosh,
Urush solgan dardning bitmas izlari.
     Men urushning dahshatli talotumlarini yoddan chiqarmadim. Bir kuni qattiq sovuqda qorli kunlarda razvedkaga chiqdim. Egnimda dushman payqamasligi uchun oq rangli  maxsus ust kiyim.  Zarur obyektlarni, kuzatayotganimda mendan uch chaqirim narida yurgan bir nemis askariga ko’zim tushib qoldi. O’sha yerning o’zida uni asir oldim va shtabga olib kelib topshirdim. Meni taqdirlashdi. Urush shunday razil va qotil, kimgadir azob berib, kimningdir joniga nuqta qo’yib, rag’bat olasan. U kunlar dahshatini unutish qiyin. Hozirgi yoshlarga biz ko’rgan urush ertakdek. Ilohim, shunday bo’lsin. Urush ko’rishmasin. Keksalarini shuncha e’zoz qilib, duosini olgan xalq kam bo’lmaydi. Osuda kunlarda yashayotgan har bir yurtdoshimiz shukr qilishi lozim. Bobom 1949-yil qadrdon qishlog’iga qaytdi. Ming afsuslar bo’lsinki, bobom 1998-yilda og’ir xastalik tufayli vafot etdi. Ammo uning xotirasi mening qalbimda o’chmas iz qoldirdi.
Xotira muqaddas, xotira aziz,
Yaxshilarni eslash naqadar laziz!
To olamda mehr-oqibat bordir,
Chin insonlar nomi o’chmagay hargiz!
     Vatani, o’z mahallasi, oilasi sha’nini himoya qilish er yigitning eng oliy burchidir. Ayniqsa, vatan sarhadini, yurtini ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va xavfsizligini ta’minlash yo’lida hatto jonini fido qilishga tayyor o’g’lonlarning borligi har qanday mamlakatning faxr-u iftixori hisoblanadi.
      Xulosa qilib aytganda, o’z vaqtida mardonavor xizmatlari bilan el-yurt hurmatiga sazovor bo’lgan keksalarimizni e’zozlash, bugungi osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan hamyurtlarimizning muqaddas xotirasini yod etish barchamizning insoniy burchimizdir. Modomiki, yosh avlodni milliy an’analarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirishni istar ekanmiz, o’z o’tmishimizni, o’zligimizni unutishga haqqimiz yo’q.
Qalblardan o’chmagay o’tganlar yodi,
Onalar ko’z yoshi, achchiq faryodi.
Ko’kda so’nmas yulduz bo’lib nur sochar,
El-yurtga baxshida, mardlar hayoti.
 
                                                         Xudoyorova  Sevinch Xo’janazar qizi
                                                                 2002-yil 30-martda tug’ilgan.

Жасорат ҳақида ёзиш

Сиз xotira.uz порталида яқинларингиз урушда кўрсатган жасорати ҳақида сўзлаб бериш имконига эгасиз. Биз биргаликда Иккинчи жаҳон урушида ватандошларимиз кўрсатган жасорати ҳақидаги хотирани сақлаб қоламиз ва келажак авлодга етказамиз.