Ранг схемаси

Ibrohim Sayfiddinov


29.06.2017

« Radioda rus diktorining yo`g`on shirali ovozi allaqanday g`ayri tabiiy titrab “Moskva gapiradi” dedi. Biroq bir emas ikki-uch marta takrorlay berdi. 
“Moskva gapiradi. Sovet xukumatining xalqqa murojaatini eshittiramiz”. 
O`sha gap. O`sha daxshatli xabar. 
Murojaatning dalda beruvchi so`nggi sartlari shunday edi: 
“Bizning ishimiz haq ish. Biz g`alaba qilamiz”.» 
Hamid G`ulomning «Toshkentliklar» asaridan ushbu satrlarni o`qir ekanman bobom Ibrohim Sayfiddinov 1942 yilda nemis fashist bosqinchilariga qarshi urushga - Ona Vatanni bosqinchilardan ozod etishga otlanganligini tasavvur qildim. Men bir necha yildan buyon «Xotira va qadrlash kuni» arafasida bobomning kutubxonasida saqlanayotgan, o`sha dahshatli urush haqida ma`lumot beruvchi asarlarni hamda urush veterani Ibrohim Sayfiddinovning hayot yo`lini o`zida jam qilgan hujjatlar va fotosuratlarni ko`zdan kechirishni odat qilganman. 
            Ushbu hujjatlar bebaho xazinadir. Qo`limda bobomning o`z qo`llari bilan 13 avgust 1955 yilda yozgan tarjimai holi. Uni o`qir ekanman sulolamiz tarixi shu bir varaq qog`ozda aks etganday go`yo. Ibrohim Sayfiddinov 1915 yilda Namanganda Chirvon qishlog`ida dehqon oilasida tug`ilgan. 1926 yil ota-onalari bilan Surxondaryo viloyati Termiz shahriga o`sha paytlarda O`zbekiston SSR markaziy ijro qo`mitasi raisi Yo`ldosh Oxunboboyev tomonidan ko`chirilgan. 1932 yil 7 sinfni tugatib 1932-1934 yillarda Termiz shahar partiya maktabini tamomlagan. 1934 yildan 1942 yilgacha Jarqo`rg`on tumanida o`qituvchi bo`lib ishlagan. 1942 yilning fevral oyida dushmanga qarshi jangga otlangan bobom 96- gvardiyachi alohida minomyot polki tarkibida jangovar safdoshlari bilan janglarda qatnashganlar. Leningrad (Sankt-Peterburg), Smolensk shaharlari, Latviya, Litva va Estoniya respublikalarini ozod qiishda qatnashganlar. Sharqiy Prussiyada bo`lgan janglarda Ibrohim bobo mardlik va jasorat ko`rsatgan. Jangovar xizmatlari uchun orden va medallar bilan taqdirlanganlar. Qo`limda 1945 yilda Kenegsbergni ishgo`l qilganliklari uchun berigan noyob medal «За взятие Кенигсберга».Ushbu medal faqat Kenigsberg shahrini ozod qilishda qatnashgan jangchilarga berigan ekan. Yana bir qancha medallar «За победу над Германией в Великой Отечественной войне 1941-1945 гг.», «Отечественная война» ordeni, yubiley medalari. 
            Urush haqidagi kinofil`mlarda «Katyusha»dan dushmanga qarata snaryadlar otilayotgan kardlarni ko`ra turib bobom: «Bu bizning polk otmoqda. Yaxshilab qarasalaring meni ham ko`rib qolarsilar» der ekanlar. Bobomning aytishlaricha urush yakunida g`alaba munosabati bilan jangchilarga 3 kun erkin dam olishga ruhsat berilgan ekan. Shu uch kun davomida soldatlar ko`ngillari istagan ishlarini qilgan ekanlar. Kimdir tashlab ketilgan uylardan qimmatbaho o`ljalar yiqqan bo`lsa, kimdir tirik qolganiga shukr qilib xordiq chiqargan ekan. Bobomdan siz Germaniyadan nega hech narsa olib kelmagansiz deb so`rashganda birovning mulki birovga nasib qilmaydi, halolidan bersin degan ekanlar.  
            1954 yilda berilgan «За трудовую доблесть» medali Ibrohim boboning dushman ustidan g`alaba qozonib qaytgach o`qituvchilik faoliyatida ham erishgan yutuqlaridan dalolat bermoqda. Haqiqiy qahramonlik deb men bobomning 56 yoshda ya`ni 1966-1971 yillarda M.T.Oybek nomli Termiz davlat institutini  
boshlang`ich sinf o`qituvchisi mutaxassisligi bo`yicha tamomlaganliklari deb bilaman. 40 yil o`qituvchilik kasbida fidokorona mehnat qilgan Ibrohim bobo pensiya gashtini ham mehnat bilan davom ettirgan. 1982-1986 yillar davomida "Soyuzpechat" bo`limida kioskachi bo`lib ma`rifat urug`ini tarqatganlar. Qo`limda 1986 yil 8 may sanasida chop etilgan "Ғалаба учун"  gazetasining № 56-soni. Unda Ibrohim Sayfiddinov haqida berilgan maqolada  bobomning frontda ko`rsatgan jasorati hamda urushdan keyin ko`p yillik astoydil mehnatlari uchun "Shavkatli mehnati uchun", "Mehnat veterani" medallari, Ozbekiston SSR xalq maorifi a`lochisi nishoniga sazovor bo`lganliklari yozilgan. 
            Ibrohim bobo Sayfiddinov jangga otlangan kezlarda buvim Qunduzxon Xudoyberdiyeva front ortida mehnat qilganlar. Farzand tarbiyasi bilan birga ertadan kechgacha mashaqqatli ishlar ayollar zimmasiga qolganligi Ibrohim boboning o`gli - mening kichik bobom Tojiboy Sayfiddinov yozib qoldirgan ushbu she`rida o`z aksini topgan: 
  
Hali murg`ak parcha et edim, 
Onam yoshi yuzim yuvganda. 
Teta-poya tashlardim odim, 
Dadam yovni ketga quvganda. 
  
Elas-elas yodimda hamon, 
Onam ishdan g`amgin qaytgan kun. 
Yosh o`rniga ko`zdan oqqan qon, 
Meni quchib o`kirdi xun-xun. 
  
Go`dak qalbim sezgandi shu dam 
Yuz berganin og`ir fojia. 
-Nima bo`ldi, yoinki dadam... 
-Yo`q, yo`q tirik, kelib qolar ha! 
  
Yupatardi boshimni silab, 
Lekin qo`li titrardi asta. 
Yuzlarimga qo`yib qaynoq lab 
Derdi: -uxla, uxla birpasda. 
  
Hammasini etardim unut, 
Ko`zlarimni bosardi uyqu. 
Onam bag`ri go`yo yonar o`t, 
O`z taftida eritardi u. 
  
Kunduz - dala, kechasi - uyda, 
Bir kishiga qanchalik tashvish. 
Bo`z yigitlar bari frontda, 
Xotinlarga qolgan hamma ish... 
  
            Ibrohim bobo Sayfiddinov 1989 yil vafot etgan. Ming afsuski 4 yil jang maydonlarida toblangan hali baquvvat, chaqqon bobom avtomobilni alkagol va narkotik iste`mol qilib boshqargan haydovchi sabab olamdan otganlar.  
            Joriy yilda 9 may umumxalq bayrami – Xotira va Qadrlash kuni tadbirlari «Qahramonlik, burch va fidoiylik» hamda «Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat» shiorlari ostida o`tkaziladi. Ushbu kun g`oliblik nashidasini, g`alaba bayramini tuyib, shu bilan birga Ona Vatan uchun bo`lgan urush janglarida qahramonlik, jasurlik namunalarini ko`rsatgan, g`alaba uchun jon fido etganlarni eslaymiz. 
            Vatan uchun jon fido qilganlar abadiy yashashiga ishonamiz, hamisha nomlarini bor hayotlar qatorida barhayot tutamiz. 
            Bugungi kunda urush veteranlari safi ozayib qolayotir. Shahrimiz va tumanlarimizda bugungi kunda yashab, urush xotiralari bilan o`rtoqlashayotgan, yosh avlodni o`z ko`rgan-kechirganlari bilan Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga harakat qilayotgan urush veteranlari bilan faxrlanamiz. 
            Tinch – farovon hayotda yashayotganimiz uchun ham ularga hamisha  qo`limiz ko`ksimizda, ta`zim qilamiz! 
  

Жасорат ҳақида ёзиш

Сиз xotira.uz порталида яқинларингиз урушда кўрсатган жасорати ҳақида сўзлаб бериш имконига эгасиз. Биз биргаликда Иккинчи жаҳон урушида ватандошларимиз кўрсатган жасорати ҳақидаги хотирани сақлаб қоламиз ва келажак авлодга етказамиз.