Ранг схемаси

Bobom Mo’minov Qo’chqorvoy


19.07.2017

  Urush birgina davlatni emas, balki butun bir yer yuzini qoplab oladi. Urush bizdan juda olisda bo’lishiga qaramay bizning mamlakatni ham chetlab o’tmaydi. 1941-yil butun dunyo uchun og’ir yil bo’ldi. Mash’um urush o’z ichiga oltmishta davlatni qamrab oladi. Qirqta davlat hududi esa qonli urush maydonlartiga aylanadi. Hozirgi kunda ham bu davlatlarda o’sha qonli urtushning asoratlari qolgan. Urushga taxminan 110 milliondan ortiq kishi jalb etilgan. Taxminan 60 millionga yaqin kishi halok bo’lgan. Urush qatnashchilarining orasida 1,5 millionga yaqin o’zbek o’g’lonlari ham o’z vatani, oilasi, farzandlari uchun jangga kirishgan. 500 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz qonli jang maydonlarida halok bo’lishgan. Qanchadan-qancha yigitlar mayib, majruh va nogiron bo’lib qolishgan. Urushning asoratlari hanuzgacha nuroniy otaxonlar yuzida aks etib turadi. 1,5 milliondan ortiq insonlar urush tufayli aziyat chekadi. Ona Vatanni himoya qilish, uning tinchligini saqlashga o’z hissasini qo’shish O’zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining sharafli burchidir deb bilgan insonlar o’z jonlarini ayashmagan.
              Mening bobom ham Vatanini, oilasini asrash uchun jangga shaylangan. Bobom Mo’minov Qo’chqorvoy 1922-yilda Namangan viloyatining Uchqo’rg’on tumanida oddiy ishchi oilasida tavallud topgan. Bobom ayni navqiron vaqtida qonli urush maydonlarini ko’radi. Qo’chqorvoy ota 1941-yilning noyabr oyida urushga olib ketiladi, avval bir oy qurol-yarog’ ishlatishni o’rganadi. So’ngra Rossiyaga olib ketildi. U yerda nemis fashistlariga qarshi sovuqni sovuq demay, issiqni issiq demay mardonavor jang qiladi. Urushda sovuqda qolib ketsa ham, yomg’irda kiyimlari shalobbo bo’lsa ham Vatani uchun, uning tinchligi uchun kurashadi. Urushga borganidan keyin ancha vaqt o’tib jarohatlanadi. Gospitalga kelib ma’lum vaqt davolanadi. Ahvoli yaxshilangandan so’ng yana urush maydonlariga qaytadi. 1943-yil yana bir bor jarohatlanadi, ammo, bu safar jarohati juda ham jiddiy edi, chunki o’q yurakka yaqin joyda joylashgan edi. Uni tibbiy yordam ko’rsatish bo’limiga olib borishadi. Jarohati og’irligi sababli bir yilga yaqin kasalxonada davolanadi. So’ngra 1944-yil hassaga suyanib nogiron ahvolda uyga qaytib keladi. Urush tugagandan so’ng Toshkentda ikki yil Agronomiya sohasi bo’yicha tahsil olib qaytadi. O’qishdan so’ng kolxoz raisi  bo’lib ishlaydi. Keyin oila quradi va to’rt nafar farzandning otasi bo’lishdek yuksak baxtga sazovor bo’ladi. Farzandlari ham o’zi singari mard, jasur, oqko’ngil va shu bilan birga ilmli qilib voyaga yetkazadi. Mening bobom urushda ko’rsatgan jasorati, mardligi uchun “ Vatan urushi ordeni ” bilan va yana ko’plab ordenlari bilan ham taqdirlanadi. 1992-yilning 1-mayida 70 yoshida bevaqt olamdan o’tadi. Bobomizning xotirasi qalbimizda doim abadiy yashaydi.
             Urush hech qachon yaxshilikka olib kelmagan. Urush tufayli minglab odamlar halok bo’lgan, qancha odamlar nogiron bo’lib qolgan, urush bo’lgan hududlarda esa hanuzgacha urushning asoratlari qolgan.
             Birtinchi Prezidentimiz Islom Abdug`aniyevich Karimovning 1992-yilning 2-mayidagi farmoniga binoan ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashib halok bo’lganlar, mamlakatimiz ozodligi va mustaqilligi uchun jon bergan o’g’lonlar xotirasiga hurmat bajo keltirish, yoshi ulug’ insonlarni e’zozlash maqsadida “ 9-may – Xotira va qadrlash kuni ” deb e’lon qilindi. Bu sana umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. Shu kuni o’tganlarni xotirlab qabrlari ziyorat qilinadi. Tiriklarning holidan xabar olish o’zbeklarning qanchalik bag’rikengligidan dalolat beradi. Buning yana bir yorqin isbotini 1960-yili Rahmat Fayziy tomonidan yaratilgan “ Sen yetim emassan ” kinoqissasidan ham bilib olishimiz mumkin. Mana shunday kunlarga yetib kelishimizda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning hissasi beqiyosdir. Tabir joiz bo’lsa shuni ham qayd etish joiz. Shu kunlarda yurtimizning barcha hududlarida urush faxriylariga ikkinchi jahon urushida qozonilgan G’alabaning 72-yilligi munosabati bilan Prezidentimiz  Shavkat Mirziyoyevning tabrigi va pul mukofoti tantanali tarzda topshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 4-apreldagi “ Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag’batlantirish ” to’g’risidagi farmoni hamda “ Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish chora tadbirlari to’g’risida ” gi qarorida urush va mehnat fronti faxriylarining manzili, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda ular uchun yaratilgan imtiyozlar ko’lamini kengaytirish belgilab qo’yilgan. Shunga muvofiq ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ikki million so’mdan bir martalik pul mukofoti, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillarni navbatsiz xarid qilish imkoni berildi. Yana bir diqqatga sazovor jihati bu yil ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining har biriga Prezidentimiz o’z tabrigini yo’lladi.
           Otalarimiz tilagi, onalarimiz allasi, go’daklarimiz shodligi-yu kulgusida              “Tinchlik”               degan ulug’ ne’mat mujassam. Mustaqilligimizning eng oliy ne’matlaridan biri esa osoyishtalikdir. Mustaqil yurtimizda tinchlik abadiy bo’lsin.
          Obod Vatabimiz musaffo osmonida tinchlik ramzi bo’lgan kabutar-u sayroqi qushlar mudom erkin parvoz qilaversin. Butun jahonda tinchlik barqaror bo’lsin. 

Жасорат ҳақида ёзиш

Сиз xotira.uz порталида яқинларингиз урушда кўрсатган жасорати ҳақида сўзлаб бериш имконига эгасиз. Биз биргаликда Иккинчи жаҳон урушида ватандошларимиз кўрсатган жасорати ҳақидаги хотирани сақлаб қоламиз ва келажак авлодга етказамиз.