Rang sxemasi

Urush ko‘rgan nigohlar


19.04.2018

Urush ko‘rgan nigohlarni kuzatganmisiz? Bugungi zamondan shukronalik nafasi balqib tursa-da, beomon urushning qaqshatqich olovlari, qattiq jarohatdan jon talvasasida yuraklarni larzaga solib hayqirayotgan qanchadan-qancha oh-vohlar, nolayu fig‘onlar manguga muhrlanib qolgan bu so‘lg‘in ko‘zlarda... Ha, biz, bugungi avlod har qancha urinmaylik, urush ko‘rgan qalblardan o‘tayotgan kechinmalarni aslo tasavvur qila olmaymiz... 

Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida yashovchi urush va mehnat faxriysi Majid bobo Xidirov ham navqiron yigitlik chog‘ining besh yilini janggohlarda o‘tkazdi. Lekin uning otash qalbida bir uchqun mudom porlab turdi. Bu uchqun – Vatan sog‘inchi, yaqinlarining mehri, ota-onasining umidlari edi. Mana shu ezgu tuyg‘ular uni urush olovidan omon saqladi. O‘z yurtiga yorug‘ yuz bilan qaytdi. 

 
2.jpg 

Urushdan keyingi yillarda xalq xo‘jaligining turli bo‘g‘inlarida sidqidildan mehnat qilgan Majid bobo bir kam 100 yoshda. Hali bardam, tetik. Har tong tomorqadagi bog‘ni aylanib, toza havoda sayr qiladi. 11 farzandni tarbiyalab, elga qo‘shgan bobo 56 nabira, 108 chevara va bir evara ardog‘ida. Ular jam bo‘lsa, hovliga sig‘maydi, go‘yo kimdir to‘y beryapti, deysiz. 

Biz borganimizda ham shunday bo‘ldi. Hovli odamga to‘la. Farzandu nabiralar bir bo‘lib, hovlini ta’mirlashayotgan ekan. Kimdir eshik bo‘yamoqda, boshqasi devorni oqlash bilan ovora. Otaxon uzoq yillar kolxoz raisi bo‘lganidanmi, bugun ham qo‘lda hassasi bilan ishga bosh bo‘lib turibdi. Bu holatdan o‘zi ham suyungancha, dasturxon atrofida urush xotiralaridan so‘zlab berdi. Bugungi dorilomon kunlarga shukrona keltirdi. 
 
3.jpg 

– Nasiba ekan, keksalari e’zozda, yoshlari izzatda bo‘lgan mana shunday tinch-osoyishta zamonlarni ham ko‘rdim. Endi armonim qolmadi, – deydi Majid bobo Xidirov ko‘zlariga yosh qalqib. – Qancha suvlar oqib ketdi. Tanimdagi jarohatlar bitdi, ammo qalb jarohatiga davo yo‘q ekan. Nomi o‘chsin urushning. Bu musibat tog‘ni talqon qiladigan qancha-qancha zabardast yigitlarning boshini yedi. Alloh o‘sha kunlarning yuzini teskari qilsin... Yurtimizga ko‘z tegmasin. Kunda bir o‘zgarish, yangilik. Yoshlarning yutuqlarini eshitganimda, nabiralarimning beg‘ubor kulgusini ko‘rganimda ichimga sig‘maylar ketaman. Janggohlarda kechgan umrim behuda ketmaganiga quvonaman. Tuman hokimligidan, mahalladan vakillar kelib, holimizni so‘rab turibdi. Kuni kecha Prezidentimizning biz, urush qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risidagi farmoni qabul qilinganini eshitib, juda xursand bo‘ldim. Bunday ezgu ishlar boshida turgan, keksalarni e’zozlagan davlatimiz rahbaridan minnatdorman. 
 

 

6.jpg
 
Manba

Jasorat haqida yozish

Siz xotira.uz portalida yaqinlaringiz urushda ko‘rsatgan jasorati haqida so‘zlab berish imkoniga egasiz. Biz birgalikda Ikkinchi jahon urushida vatandoshlarimiz ko‘rsatgan jasorati haqidagi xotirani saqlab qolamiz va kelajak avlodga yetkazamiz.