Rang sxemasi

Urush faxriysi kitob yozmoqchi


18.04.2018

Pastdarg‘omlik Shaqqos Hasanovni Samarqandda ko‘pchilik piru badavlat otaxon sifatida taniydi, hurmat qiladi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, hayotini yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishga bag‘ishlangan bu otaxon 96 yoshda ham farzandu nabiralariga bosh bo‘lib, yoshlarga tajribalarini o‘rgatib kelmoqda. 

– Tabib tabib emas, boshidan o‘tkazgan tabib, degan gap bor xalqimizda, – deydi Shaqqos bobo. – Biz tengi avlodning boshimizdan ne-ne savdolar o‘tmadi, deysiz. Mana, bugun baxtli bolalik degan gaplar paydo bo‘ldi. Bizning bolalik chog‘imiz turmush mashaqqatlari, ocharchilik, og‘ir mehnat bilan o‘tgan. Dalada tug‘ilib, dalada o‘sganmiz. Endi voyaga yetdik deganimizda, peshonamizda bor ekan, urush ko‘rdik. Yurtimizdan olislarda qon kechib, janglarda ishtirok etdik. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan azob-uqubatlarni ko‘rdik. Rizqimiz uzilmagan ekan, ko‘pchilik bo‘lib ketib, kamchilik qaytib keldik. Urushdan keyingi hayotimiz ham oson kechmadi. Shu tarzda hayotning o‘zi tarbiyalab, yo‘lga soldi bizni... 

Shaqqos Hasanov urushdan keyin Pastdarg‘om tumanidagi maktablarda o‘qituvchilik qildi. Maktab direktori bo‘ldi, jamoa xo‘jaligida ishladi. Halol mehnati, tashabbuskorligi bilan el o‘rtasida hurmat-e’tibor qozondi. Oilasi nafaqat Mang‘itobod mahallasida, balki tumandagi namunali xonadonlardan hisoblanadi. Bugun Shaqqos boboning farzandlari ham pensiya yoshiga yetib, nuroniylar qatoriga kirgan, nevara-chevaralarining hisobidan ba’zan adashib ham ketadi. 

– Yaratganga shukr, o‘zim ham boboman, nabiralarim bir etak, – deydi otaxonning farzandi Abduxoliq aka. – Lekin hali ham biror ish yoki ma’raka masalasida otamdan maslahat so‘rayman, biror joyga boradigan bo‘lsam, duolarini olib, yo‘lga chiqaman. Yaqinda yonlariga chaqirib, qo‘limga besh-olti daftar tutqazdilar. Varaqlab ko‘rdim – maqollar, hikmatli so‘zlar, o‘zlari ko‘rgan, eshitgan voqea-hodisalarni yozgan ekanlar. “Mana shuni bitta kitob qilmoqchiman, nashriyotga boraylik”, dedilar. O‘zim olib borib ko‘rsataman, deyishimga qaramay o‘zim tushuntirishim kerak, deb turib oldilar. “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limiga birga borib, daftarlarni ko‘rsatdik, kitob qilishga yordam berishlarini aytishdi. 

Otaxonning qo‘lyozmalarini varaqlaymiz. “Bilim – oltindan qimmat, qilichdan keskir”, “Do‘sti bo‘lmagan odam mevasiz daraxtga o‘xshaydi”, “Tishi chiqqan bolaga chaynab bergan non tatimas”, “Ko‘ngil ko‘ngilga to‘g‘ri kelsa, ikki tosh orasida bo‘lsa ham topishadi”, “Ekish vaqtida uxlab qolgan dehqonning yig‘ish vaqtida ko‘zi qon bo‘ladi”, “Er kovlagan osh yeydi, gap kovlagan tosh”... 

– Bu gaplar umrim davomida ko‘rgan-kechirganlarim xulosasi, – deydi Shaqqos bobo. – Aytdimku, hayotning o‘zi murabbiy, har qanday insonni tarbiyalab, yo‘lga soladi. Lekin buni o‘z vaqtida anglasak yaxshi, kech qolsak, yoshlikni, uning g‘animat damlarini boy berib qo‘yamiz. Boshimiz devorga urilmasligi uchun uning chorasini ko‘rish lozim. Buning chorasi esa ilm-hunar egallash, to‘g‘ri va halol yashash. Birovning haqiga xiyonat qilmagan, boriga sabr qilib yashagan, rohatni mehnatda deb bilgan inson hech qachon kam bo‘lmaydi. 

Otaxon bilan bu suhbatimiz u kishi bir necha kun oldin Samarqand shahriga kelganda bo‘lgandi. Kuni kecha Prezidentimizning Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risidagi farmoni hamda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha qarori e’lon qilingach, Abduxoliq akaga qo‘ng‘iroq qilib, Shaqqos boboga bu haqda aytdik. 

– Hozirgina televizorda ham eshittirishdi, – dedi otaxon. – Boshim ko‘kka yetdi. Prezidentimizni duo qilib o‘tiribman. O‘tgan yil Toshkentda bo‘lgan bayram tadbiriga borib, u kishi bilan ko‘rishgandim. Bir yildirki, o‘sha uchrashuvlar zavqi bilan yashayaman. Xudoga shukr, bu yilgi bayramlarga ham eson-omon yetkazdi. Nasib etsa, albatta, Samarqandga, poytaxtga borib quroldosh do‘stlarim bilan ko‘rishaman. 

 

Manba

Jasorat haqida yozish

Siz xotira.uz portalida yaqinlaringiz urushda ko‘rsatgan jasorati haqida so‘zlab berish imkoniga egasiz. Biz birgalikda Ikkinchi jahon urushida vatandoshlarimiz ko‘rsatgan jasorati haqidagi xotirani saqlab qolamiz va kelajak avlodga yetkazamiz.