Rang sxemasi

Siz “Turkiston legioni” haqida bilasizmi?


08.05.2019

Ikkinchi jahon urishi davomida fashist armiyasi o‘ta makkor hiyllarni ishlatar edi. Harbiy asirlar o‘rtasida millatlarni bir-biriga qarshi gijgijlash, kelib chiqishi nemislardan bo‘lgan sovet fuqarolarini qulayliklar yaratish evaziga o‘ziga xizmatkorlikka olish, sovet hokimiyatiga nisbatan norozilik kayfiyatida bo‘lgan ayrim musulmon etnik guruhlaridan foydalanish kabi siyosiy yo‘llardan foydalanishga urinib ko‘rdi. Rozi bo‘lmaganlarni ochlik va o‘lim bilan qo‘rqitar edi. Bu xildagi usullar harbiy asirlarga ko‘proq ishlatilardi. Fashistlar harbiy asirlardan «Rus ozodlik armiyasi», «Turkiston legioni», «Volga — Ural legioni» kabi harbiy qo‘shilmalar tuzishdi, ulardan partizanlarga qarshi kurashda foydalandilar ham. Chet el manbalarida o‘z vatanining dushmanlari bilan «hamkorlik» yo‘liga kirganlar soni oz emas, ko‘p emas, qariyb 1 mln kishiga «Turkiston legioni» 181 yetganligi ko‘rsatiladi. Bunga Stalinning asirlikka tushib qolganlarni vatan xoinlari deb hisoblagani ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emasdir. Haqiqatda ham ko‘pgina harbiy askarlar bunday legionlarga majburan kiritilgan edi. Ular yashirin guruhlar tuzib partizanlar bilan aloqa bog‘lash yo‘lini qidirganlar. Masalan, 1944-yilning yanvarida gitlerchilar «Turkiston legioni» otryadini Chernogoriyada yugoslaviyalik partizanlarga qarshi jangga soladi. Otryadlarning birida 28 o‘zbek yigitlari — S. Fayziyev, A. Ahmedov, Z. U. Husanov va boshqalar bor edi. Zobit S. Fayziyev mahalliy aholi bilan aloqa bog‘laydi va uning ko‘rsatmasi bilan legionchilar fashist komandirlarini otib tashlab, qurol-aslahalari bilan toqqa, partizanlar tomoniga yuradi. 1944-yil 25-may kuni 28 o‘zbekistonlik legionchilar Yugoslaviyada harakat qilayotgan bolgar askarlari batalyoniga qo‘shilib ketadi.

Ular orasida jang qilgan toshkentlik Z.U. Husanovning taqdiri hayratomuzdir. U 1941- yilda Smolenskda yarador bo‘ladi, tuzalib safga qaytadi va 1943-yil 5-iyulda 228-o‘qchi polki safida qahramonlarcha jang qilib, og‘ir yaralanadi. Quroldoshlari uni halok bo‘ldi deb hisoblashadi, uyiga bu haqda xabar yo‘llashadi. Unga Qahramon unvoni beriladi. Ammo jangchi o‘lmay qoladi, dushman uni og‘ir yarador holda asirga oladi, keyin «Turkiston legioni»ga kiritadi. Ziyamat Husanov o‘rtoqlari bilan partizanlar tomoniga o‘tadi. Priepol shahrida fashistlarga qarshi mardona jang qilib, ko‘plarni yer tishlatadi, o‘zi ham og‘ir yarador bo‘ladi, bir mahalliy ayol jangchini o‘ziga keltiradi. Italiyadagi harbiy kasalxonaga joylashtirishadi. U to‘rt marta operatsiyani boshidan kechiradi, sog‘aygach o‘z yurtiga keladi. U keyinroq Qahramon unvoniga sazovor bo‘lganligidan xabar topadi. Biroq omon qolgan harbiy asirlarning taqdiri ham og‘ir kechadi. Ular o‘z Vataniga qaytib kelgach, gumon ostida bo‘ldilar, ishga joylashishda, uy-joyli bo‘lishda qiynaldilar. Ayrimlari yana lagerlarga, endi sovetlar hukumatining lagerlariga tushib qoladilar. Bunday hollar Stalin va uning atrofidagilar yaratgan ishonchsizlik va gumonsirash vaziyatining oqibati edi.

Manba: O’zbekiston tarixi (1917-1991 yy..) Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari 1-bosqich o‘quvchilari uchun darslik Q. Usmonov, M. Sodiqov

Jasorat haqida yozish

Siz xotira.uz portalida yaqinlaringiz urushda ko‘rsatgan jasorati haqida so‘zlab berish imkoniga egasiz. Biz birgalikda Ikkinchi jahon urushida vatandoshlarimiz ko‘rsatgan jasorati haqidagi xotirani saqlab qolamiz va kelajak avlodga yetkazamiz.