Rang sxemasi

Namanganda “Biz hamisha sizlar bilan!” shiori ostida xayriya aksiyasi o‘tkazildi


30.04.2018

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Namangan viloyati kengashi tomonidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front orti mehnat faxriylari xonadonlariga uyushtirilgan yo‘qlov tadbirlari qariyalarning ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi. 

Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlab “Biz hamisha sizlar bilan!” shiori ostida o‘tkazilgan xayriya aksiyasining dastlabki kunida partiya viloyat kengashi rahbariyati va faollari Namangan shahrida yashovchi Nizomjon Sattorov, Mamattosh Pattayev, Sergey Kryukov, Jabborxon Sodiqov, Viktor Xudyakov, Sharifjon Nuriddinov kabi urush qatnashchilari xonadonida bo‘lib, el-yurt tinchligi yo‘lida ko‘rsatgan jasoratlari uchun samimiy ehtirom ko‘rsatdi. Mehr-oqibatga yo‘g‘rilgan qaynoq dil izhorlari va beminnat sovg‘a-salomlardan nuroniylar qalbi quvonchga to‘ldi. 

4.jpg

– Biz ko‘rgan urush butun insoniyat kelajagiga qaratilgan tahdid bo‘lib, undan hech kim chetda turishi mumkin emas edi, – deydi Nizomxon ota Sattorov. – Chunki, fashizmning maqsadi qora edi. Shuning uchun bu urushda qanchalik dahshat va azoblarni boshdan kechirgan bo‘lsak ham, ana shu qora niyatni barbod qilishga hissa qo‘shganimiz bizga taskin beradi. Prezidentimiz, xalqimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bugungidek hurmat-ehtirom va g‘amxo‘rliklar esa qalbimiz jarohatiga malham bo‘lmoqda. Tunu kun duodamiz, ilohim yurtimiz tinch bo‘lsin, avlodlarimiz urush ko‘rmasin! 

– Uch kunga mo‘ljallangan xayriya aksiyasi davomida Mingbuloq, Kosonsoy, Namangan, Norin tumanlarida yashayotgan yana o‘nlab urush faxriylari xonadonlariga boramiz, – deydi partiya viloyat kengashi raisi G‘ayratjon To‘ychiboyev. – Bundan tashqari, Namangan Yoshlar markazida partiya faollari o‘rtasida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan “Qahramonlik – fidoyilik va burch” mavzusida rasmlar tanlovi, “Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat” mavzusida davra suhbati, shaxmat-shashka va futbol musobaqalari, yoshlar hashari kabi tadbirlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. 

Manba

Jasorat haqida yozish

Siz xotira.uz portalida yaqinlaringiz urushda ko‘rsatgan jasorati haqida so‘zlab berish imkoniga egasiz. Biz birgalikda Ikkinchi jahon urushida vatandoshlarimiz ko‘rsatgan jasorati haqidagi xotirani saqlab qolamiz va kelajak avlodga yetkazamiz.