Rang sxemasi

IKKINChI JAHON URUShI QATNAShChILARI MUBORAK HAJ SAFARIGA TARADDUD KO‘RMOQDALAR


18.07.2017

Ma’lumki, bu yil Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori asosida 9 may — Xotira va Qadrlash kuni o‘zgacha ruhda, yurtimizda ro‘y berayotgan yangilanishlar va o‘zgarishlarga hamohang tarzda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlandi.

Jumladan, Farmonga asosan, 2017 yil 1 maygacha yurtimizdagi 1615 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ikki million so‘mdan bir martalik pul mukofotlari to‘liq va tantanali bayramona vaziyatda topshirildi.

Prezidentimizning “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi doirasida 14 nafar ehtiyojmand Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga yangi zamonaviy uy-joylar tuhfa etildi. Urush faxriylari istiqomat qiladigan 172 ta uy-joy to‘liq qayta ta’mirlandi.

Bundan tashqari 346 nafar urush faxriylariga 3 mlrd. 894 mln. so‘mlik ijtimoiy himoya va moddiy yordam ko‘rsatildi. Jumladan, ehtiyojmand urush qatnashchilariga nogironlik aravachasi, eshitish moslamasi, qo‘ltiqtayoq, dori-darmon vositalari hamda uy-ro‘zg‘or buyumlari yetkazib berildi.

Yurtimizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining muborak Haj ziyoratiga borish bo‘yicha bildirgan istaklari hamda “Nuroniy” jamg‘armasining taklifi inobatga olinib, ilgari Haj ziyoratiga borolmagan yoki bunga imkoni bo‘lmagan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari Prezident tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan Haj ziyoratiga yuboriladigan bo‘ldi.

Shu asosda “Nuroniy” jamg‘armasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, mahalliy hokimliklar hamda boshqa jamoat tashkilotlari ishtirokida Haj ziyoratiga borish istagini bildirgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining ro‘yxati shakllantirildi hamda ularning barchasi o‘rnatilgan tartibda to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Ayni kunlarda 73 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari Haj safariga borish taraddudini ko‘rmoqdalar. Ular muhtaram Prezidentimizning xalq manfaati yo‘lida amalga oshirayotgan ezgu ishlari hamda nuroniy-faxriylarga ko‘rsatilayotgan bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rliklari uchun chuqur minnatdorchilik bildirib, doimo duoda ekanligini izhor etmoqdalar.

Manba: "Nuroniy" jamg‘armasi

Foto: Uza.uz

Jasorat haqida yozish

Siz xotira.uz portalida yaqinlaringiz urushda ko‘rsatgan jasorati haqida so‘zlab berish imkoniga egasiz. Biz birgalikda Ikkinchi jahon urushida vatandoshlarimiz ko‘rsatgan jasorati haqidagi xotirani saqlab qolamiz va kelajak avlodga yetkazamiz.