Rang sxemasi

G‘amxo‘rlik va mehribonlik namunasi


02.05.2017

Insonparvar tamoyillarni o‘zida aks ettirgan Xotira va qadrlash kuni bir necha yildirki, yurtimizda keng nishonlanmoqda. Bu sana urushda qurbon bo‘lgan millionlab yurtdoshlarimiz xotirasiga ta’zim qiladigan, bugun saflarimizda yurgan, osmonimiz musaffoligi, yurtimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan nuroniylarga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatiladigan ezgu marosimga aylangan.

Ikkinchi jahon urushida jasorat ko‘rsatgan, olovli maydonlarda o‘z yurtining tinchligi va ozodligi, oilasi, farzandlarining xotirjamligi uchun kurashgan insonlarga ko‘rsatilayotgan ehtirom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni bilan amaliy ifodasini topdi. Shu kunlarda mazkur farmonga muvofiq urush qatnashchilari va nogironlariga pul mukofotlari va bayram sovg‘alari tantanali ravishda topshirilmoqda. Ularning holidan xabar olinib, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda.

Mudofaa vazirining o‘rinbosari J. Meliboyev, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari - O‘zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, kino va televideniye rejissyori Shavkat Mahbubov va yana bir guruh davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar olovli janggohlardan omon qaytgan va ko‘p yillar O‘zbekistonda urush oqibatlarini bartaraf etishda fidoyi mehnat qilgan Nikolay Denisenko, Yevdokiya Nesterova xonadonida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan pul mukofotlarini topshirdilar.

Aytish mumkinki, kishilik tarixidagi eng qonli, eng katta yo‘qotish va mislsiz qurbonlarga, el-yurtimiz o‘rtasida qancha-qancha musibat va ofatlar, g‘am-alamlarga, beva-bechoralar va yetimlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan beshafqat urush tugaganiga o‘nlab yillar o‘tgan bo‘lsa-da, u qoldirgan jarohat hali-hamon insoniyatni bezovta qilib turadi. Shunday damlarda bugungi tinch va osuda hayot, musaffo osmon, to‘kinlik va farovonlikka qanday og‘ir yo‘qotishlar, sinov va mashaqqatlar evaziga erishilgani xayolimizdan o‘tadi. Bizga nasib etgan mustaqillik, tinchlik va osoyishtalikning ahamiyatini teranroq anglaymiz.

- Urush yillarining og‘ir qiyinchiliklariga mardona bardosh berib, front ortida mehnat qilgan, urush tufayli O‘zbekistonga ko‘chirilgan qancha-qancha odamlar, ota-onasidan ayrilgan yetimlarni ko‘rganman, - deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, kino va televideniye rejissyori Shavkat Mahbubov. - Shuning uchun bugungi kunlar qadriga yetish haqida yoshlarga ko‘p gapiraman. Elimizning ma’naviy qudrati, odamiylik fazilatlari, mehr-oqibati, mardligi va olijanobligini davom ettirishni tilayman ularga. Chunki elu yurt uchun xizmat qilgan insonlarni qadrlash, ularni e’zozlash inson uchun eng savobli ishlar sirasiga kiradi.

Shu kuni mehmonlar faxriylar bilan samimiy suhbatlashib, ularga g‘amxo‘rlik va mehribonlik ko‘rsatishdi.

Ortiq MURODOV

Manba

Jasorat haqida yozish

Siz xotira.uz portalida yaqinlaringiz urushda ko‘rsatgan jasorati haqida so‘zlab berish imkoniga egasiz. Biz birgalikda Ikkinchi jahon urushida vatandoshlarimiz ko‘rsatgan jasorati haqidagi xotirani saqlab qolamiz va kelajak avlodga yetkazamiz.