Rang sxemasi

elda e’zoz, ehtirom topib


02.05.2017

Chirchiq sanoat kasb-hunar kollejida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylari, harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari, o‘qituvchilar, o‘quvchi-yoshlar ishtirokida “Noming dillarda mangu” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

So‘zga chiqqanlar yurtimizda Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yurtdoshlarimizni xotirlash, janglardan omon qaytgan va bugun oramizda bo‘lgan, front ortida mehnat qilganlarga ehtirom ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladilar. Zero, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 4 aprelda “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida urush qatnashchilari ko‘nglini olish, yurt tinchligi va ozodligi yo‘lida jon fido qilgan vatandoshlarimiz xotirasini yod etishdek ezgu maqsadlar mujassam.

- Qutlug‘ sana munosabati bilan har bitta urush qatnashchisi hamda front ortida mehnat qilgan yurtdoshlarimizga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yaratilayotgan shart-sharoitlar, keksalarga ko‘rsatilayotgan ehtirom, ijtimoiy himoya borasida aniq reja asosida ish olib borilmoqda. Bu kabi tadbir va uchrashuvlar tarbiyaviy nuqtai nazardan yoshlar bilan birgalikda o‘tkazilayapti. Ular nuroniylar bilan suhbatlashib, bilim, tajriba va ko‘nikmalarini oshiradilar, qolaversa, keksalarga ehtirom ko‘rsatish tuyg‘usi yuksalib boradi, - deydi Toshkent harbiy okrugi Faxriylar ishlari bo‘yicha kengashi raisi Avazbek Namozov.

“Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukur qil”, degan gap bor dono xalqimizda. O‘quvchi-yoshlar Ikkinchi jahon urushi hamda Qurolli Kuchlar faxriylari bilan muloqot chog‘ida o‘zlarining naqadar keng imkoniyatlar, shart-sharoitlar egasi ekanliklarini his qildilar. Keksalarning yillar davomida ko‘rgan kunlari, chekkan mashaqqatlari saboq olishga chaqirardi. Ishtirokchilar ularni qarsaklar bilan olqishladilar. Ammo auditoriyada o‘tirgan yoshlar ularni savollarga ko‘mib tashlamagani ajablanarli edi. Bu alohida mavzu.

Muhimi, odamlarimizdan oqibat arimagan. Uch avlod uchrashuvidan so‘ng harbiy xizmatchilar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Anatoliy Fonichevning holidan xabar olish uchun uyiga bordilar. 92 yoshli otaxonning ko‘zlaridagi quvonch yoshlaridan dilingiz charog‘onlashadi. Anatoliy bobo urushdan eson-omon kelish nasib qilganini, kampirining 92 yoshga, qizining 61 yoshga kirganini aytib, faxrlandi. O‘quvchilarning bayram tabrigi sifatida tayyorlagan kuy-qo‘shiqlari xonadon egalariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Otaxon mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hamda mehnat fronti faxriylariga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirib, yoshlarni tinch va osoyishta hayotimizning qadriga yetish, uni ko‘z qorachig‘idek asrashga chaqirdi.

 

Abdulla HOTAMOV

Manba

Jasorat haqida yozish

Siz xotira.uz portalida yaqinlaringiz urushda ko‘rsatgan jasorati haqida so‘zlab berish imkoniga egasiz. Biz birgalikda Ikkinchi jahon urushida vatandoshlarimiz ko‘rsatgan jasorati haqidagi xotirani saqlab qolamiz va kelajak avlodga yetkazamiz.