Rang sxemasi

Namanganda 3 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi yangi xonadonli bo‘ldi


03.05.2017

Namangan viloyatida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 72-yilligi hamda 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan 3 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisiga zamonaviy ko‘p qavatli uylardan xonadonlar tuhfa etildi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 4-apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat fronti faxriylari moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanib, sovg‘a-salomlar topshirilmoqda. 

Viloyatda 80 dan ziyod urush faxriysi minnatdor avlodlar hurmat-ehtiromi, davlatimiz rahbari va hukumatimizning beqiyos g‘amxo‘rligida hayot kechirmoqda. 

“Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi, viloyat hokimligi va boshqa bir qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida ularning xonadonlariga borib, alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatilmoqda, moddiy-ma’naviy ko‘mak berilmoqda. 

Shunday tadbirlar doirasida 3 nafar urush faxriysi – Namangan shahridan Nizomxon ota Sattorov, Tursunboy ota Tojimirzayev, Uychi tumanidan Jakbarali ota Yusupovga ko‘p qavatli zamonaviy uylardan yangi xonadonlar kaliti topshirildi. Barcha qulayliklar yaratilgan, qattiq va yumshoq mebellar, televizor, muzlatgich va boshqa maishiy texnika vositalari bilan jihozlangan xonadonlar nuroniylarning rohat-farog‘atda yashashiga xizmat qiladi. 

– Millionlab insonlar qirg‘inbarotga uchragan o‘sha janggohlardan omon qaytib kelganimizning o‘zi taqdirning katta mukofoti bo‘lsa, yurtimiz istiqloli, bugungi dorilomon kunlarni ko‘rib yurishimiz Yaratganning buyuk marhamatidir, – deydi Jakbarali ota. – Prezidentimiz rahnamoligida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, izzat-ikrom esa qalbimizni quvonchga to‘ldirmoqda. Ilohim, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligiga ko‘z tegmasin. 

– Bir necha kun oldin “Nuroniy” jamg‘armasi rahbarlari kelib Prezidentimiz farmoni bilan belgilangan pul mukofoti, jamg‘arma va homiy tashkilotlarning sovg‘a-salomlarini topshirib ketishgan edi, – deydi Nizomxon ota. – Mana endi yangi, shinam uyga ham ega bo‘lib turibman. Yetkazganiga shukr. Har kuni televizorda yurtimizning gullab-yashnayotgani, yoshlarimiz erishayotgan yutuqlar haqidagi lavhalarni ko‘rib, ko‘zimga yosh keladi. Bu yoqda biz, keksalar, ayollar va bolalar ham davlatimizning doimiy e’tiborida. Bundan ortiq baxt bormi, axir? Ilohim, yurtimizdagi tinchlik va farovonlik abadiy bo‘lsin, mana shu ezgu ishlarga bosh-qosh bo‘lib turganlarning umrlari uzoq bo‘lsin. 

– Viloyatda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini manzilli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha boshqa chora-tadbirlar ham izchil davom ettirilmoqda, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Namangan viloyati bo‘limi raisi Ikromxon Najmiddinov. – Jamg‘arma tomonidan uch nafar urush faxriysini uy-joy bilan ta’minlash va bir guruhining uy-joyini ta’mirlash-obodonashtirish uchun 334 million so‘mdan ziyod manzilli mablag‘ yo‘naltirildi. Ehtiyoji borlarga nogironlik aravachasi va boshqa tibbiy ko‘mak vositalari berilmoqda. Prezidentimiz tomonidan yo‘llangan tabrik va sovg‘alar viloyat, tuman, shahar hokimlari rahbarligida tantanali topshirilmoqda. 

Shunday tadbirlardan biri Uchqo‘rg‘on tumanining Qayqi qishlog‘ida yashovchi urush faxriysi, “Shuhrat” medali sohibi Toshtemir ota Kamolovning tabarruk 105 yoshga to‘lishi tantanalariga to‘g‘ri keldi. Otaxonga davlatimiz rahbarining tabrigi va sovg‘a-salomlar topshirildi. 

Tadbirlarda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.
 
Manba

Jasorat haqida yozish

Siz xotira.uz portalida yaqinlaringiz urushda ko‘rsatgan jasorati haqida so‘zlab berish imkoniga egasiz. Biz birgalikda Ikkinchi jahon urushida vatandoshlarimiz ko‘rsatgan jasorati haqidagi xotirani saqlab qolamiz va kelajak avlodga yetkazamiz.