Rang sxemasi

Toshpo’latov Ukki


06.06.2017

   Men, katta bobom haqiqida to’g’riro’g’I bobomning otasi haqida, ularning qahramonliklari haqida otam, amakilarimdan eshitgan ma’lumotlarim yordamida so’zlab bermoqchiman. Katta bobom, Toshpo’latov Ukki 1912 – yil Toshkent viloyati Bo’stonliq tumani Xumson qishlog’ida tavallud topdi, o’qimishli, zukko, tashabbuskor, xalq dardini sezuvchi, yaqinlari uchun doim ko’makdosh inson bo’lgan ekanlar. Ular 25 yoshidayoq qishloq raisi sifatida faoliyat yurita boshlagan ekanlar. Raislik davrida har bir xonadonni iloji boricha ko’zdan kechirib, ularning sharoiti qay darajada ekanligini bilib, qo’lidan kelgan barcha yordamini berishga intilgan ekan. Xalqni mehnat qilishga, o’z peshona teri evaziga halol non yeyishga undaydigan, ularni hududda ekinzorlar, bog’lar yaratishga chorlovcho yo’lboshchi bo’lgan ekan. Kunlarning birida bobom tungi navbatchilikdan qaytayotib bog’ yonidan o’tish paytida bir xabar olib qo’yish maqsadida bog’ tomon burilibdi, bog’ning darvozasiga yaqinlashganda soat tungi 01:45 edi, ne ko’z bilan qarasin shu qishloqning bir J. ismli fuqarosi yana bir tanishi bilan bir qop olmani o’g’irlab chiqayotgan emishlar, ular katta bobomni ko’rib joylarida qotib qolishibdi, bobom bir oz tin olgach ularga yuzlanib, “bu ishingiz birinchi va ohirgisi bo’lsin, xalqni mehnati evaziga barpo qilingan hosilni o’g’irlash bu katta gunoh” – debdi-yu, ikkalasiga ham uylariga ketishlarini aytibdi. Ertasi kuni qishloqda xalq bilan yig’ilish o’tkazilibdi, shu yig’ilishda tunda o’g’irlik qilgan ikki kishi ham ishtirok etgishgan ekan, ular “kechagi voqeya yuzasidan bizni hozir hamma oldida jazolaydi” – deya bir – birlariga qarab qo’rquv bosib turishibdi.  Lekin bobom ular haqida lom – lum ham deb aytmabdi, hayoliga keltirgan bo’lsa ham hamani oldida bir og’iz gapirmabdi. Bu voqeani menga katta  bobomning yakka o’g’li Ukkiyev Risqimboyning ayoli, Ukkiyeva Muxtabar, ya’ni mening buvijonim aytib bergan. Buvijonimga esa bu voqeani o’sha tunda o’g’irlik qilgan J. ismli kishi shaxsan o’zi 65 yildan so’ng aytib berganlar ekan va katta bobomning xalqni oldida bir og’iz shu haqida gapirmagani o’zlari uchun katta saboq bo’lgani haqida ta’kidlagan ekan.
Xalqni hayot kechirishi og’irlasha boshlabdi, ocharchilik davrlari sezilibdi, katta bobom xonadonlarga kirib kimda qancha bo’g’doy bo’lsa hammasini ularning noroziliklariga ham qaramasdan qopga solib yig’ib olishni boshlabdi, hamma hayron, hechkim bu holatga tushunmagan tarzda yoshgina katta bobomga qishloq qariyalari “Ukki, o’g’lim tinchlikmi, bu nima qilganing?” – deb, savol berishibdi. Katta bobom esa o’zining oratorlik hususiyatini, xalq bilan qanday muloqot qilish qobiliyatini va albatta ertangi kunni o’ylab quyidagi fikrni aytibdi: “Ey insonlar, qishloqdoshlar, agar hozir bir shu uyimizda xaltachada yotgan shu bir hovuch bo’g’doydan unumli foydalanmasak hammamiz ochlikdan qurbon bo’lamiz, men bularni yig’ib dalaga olib chiqib yerga sepaman, shu bir siqim bo’g’doy ertaga 3,  4 ta non bo’ladi, hammamiz bu qiyin kunlardan eson – omon o’tib ketamiz” – debdi. Qariyalar rahmat senga o’g’lim bu ishing albatta yaxshi bo’ladi deya hammani uylarida bor bo’g’doylarini birgalikda dalaga sepishga chorlashibdi. Qishloq tepasidagi dalaning kattagina qismiga bo’g’doy sepilibdi.
Oradan yillar o’tib urush yillari yaqinlashayotganini hech kim payqamagan, hech kimning hayoliga ham kelmagan ekan bir vaqtda radio orqali urush boshlangani e’lon qlinibdi. Qishloqdagilarni birin – ketin urushga olib keta boshlabdi. 1941 – yil katta buvijonim homilador ekanlar, katta bobom esa 29 yoshida urushga ketadigan bo’libdi. Ular bilan birga akasi Toshpo’latov T. 37 yoshida, ukasi Toshpo’latov S. 21 yoshida birga ketishibdi. Katta bobom urushga ketishidan 3 oygina o’tib katta buvimning ko’zlari yoribdi va o’g’il farzandli bo’libdi. Qishloqdagi qariyalar esa farzandga katta bobomning bu qishloqda risqi ko’p deya Risqim deb, ism qo’yishibdi. Katta bobom urushni oldindan sezgandek xalqni och qolmasin deb ektirgan bo’g’doylari mo’l – ko’l hosil beribdi. Katta buvimga ham qishloqdoshlari bo’g’doydan olib kelib berishibdi. Katta bobom yakka-yu yagona o’g’li Risqim bobomni bir marta yuzini ham ko’rolmay, yig’lagan ovozini ham eshitmay o’sha kulfatli urushda bedarak yo’qolib ketgan ekanlar. Ularning yaqin bir do’sti urush tugashidan 4 oy oldin og’ir jarohat bilan uyiga qaytgan ekanlar va katta bobomning urushdagi yana bir jasorati haqida ham so’zlab bergan ekanlar. O’sha kishi “Biz Ukki bilan Germaniya ostonasigacha birga bordik, u kishi juda ziyrak, jasur va qo’rqmas, atrofidagilar uchun g’amho’r, ularni doim oldinga chorlovchi, agarda kimdir jarohat olsa unga birinchi yordam beruvchi haqiqiy vatanparvar askar sifatida kurashardi, men Germaniya chegarasiga oyog’imdan, boshimdan yaralandim, meni ortga qaytarishdi shundan song men uni ko’rmadim…” – deb aytgan ekanlar.
Ba’zi bir ma’lumotlarga ko’ra katta bobom Germaniyaga kirgan va Berlin shahrini olish jangida ham ishtirok etgan ekanlar va shu shaharda bino ichida yordam kuchini kutish vaqtida yashiringan binosida bomba portlashi orqali halok bo’lgan ekanlar.  SSSR ning manbalarida esa, katta bobom  1944-yil bedarak yo’qolgan deb ko’rsatilgan.
Bu ma’lumotlar qanchalik to’g’ri yoki yo’q aniq bilmasakda, lekin men shuni aniq aytaolamanki, Ukki bobom urushda ham haqiqiy jonkuyar bo’lgan, xalqi tinchligi, yurti osoyishtaligi uchun kurashgan. Men uchun Ukki bobom doim qahramon bo’lib qoladi.
9- may “Xotira va qadrlash” kuni munosabati bilan biz har yili Xotira va qadrlash maydoniga boramiz, katta bobomlar, akasi va ukasi ismlari yozilgan taxtachalarni qayta – qayta ko’ramiz, xotirlaymiz. Ular doim qalbimizda.
Kattabobomnin yakka- yu yagona farzandi Risqim bobom esa qahramon otasini faqatgina foto lavhalarda ko’rdi, shundayin jonkuyar insonni, otasini otalik mehrini suya olmadi, yolg’iz onasi qo’lida ulg’aydi, katta bo’ldi, qiyinchilikda bo’lsa ham o’z mehnati orqali o’qidi, matematika informatika o’qituvchisi bo’lib ko’p yillar davomida faoliyat olib bordi, shogordlar chiqardi va shu bilan birga Risqim bobom ham katta bobom, ya’ni Ukki bobomni umr bo’yi qaytishini kutdi, izladi, bizlarga onasidan eshitganlarini ko’zlarida yosh olib gapirib berdi. 2008- yil Ukki bobomning yakka- yu yagona farzandi Risqim bobom ham miya hujayralaridagi og’ir kasallik tufayli hayotdan ko’z yumdi.
Hozirgi kunda esa, Ukki boboning yakka-yu yagona farzandining ayoli, Ukkiyeva Muxtabar va 1 qiz, 4 o’g’li, kelinlari, kuyovi va 10 ga yaqin nabira, chevaralari huddi katta bobolaridek tashabbuskor, intiluvchan, jonkuyar farzandlar bo’lib jamiyatga xizmat qilib kelishmoqda.  

Jasorat haqida yozish

Siz xotira.uz portalida yaqinlaringiz urushda ko‘rsatgan jasorati haqida so‘zlab berish imkoniga egasiz. Biz birgalikda Ikkinchi jahon urushida vatandoshlarimiz ko‘rsatgan jasorati haqidagi xotirani saqlab qolamiz va kelajak avlodga yetkazamiz.