Rang sxemasi

Mustafoyeva Sebar


06.06.2017

   Ikkinchi  jahon  urushida  qatnashganlarning  yoki  front  ortida  mardonavor  xizmat  qilganlarning  ayrimlari  hozir  ham  hayot  kechirishmoda. Endilikda  ular  dorilomon  kunlarga  shukronalar  aytib, bugungi  kun  yoshlariga  urush  davri  voqealari,  o’zlarining  va  safdoshlarining  ko’rsatgan  qahramonliklari  haqida  yurakdagi  chuqur  qayg’u  va  dardli  alamlari  ila  so’zlab  berishmoqda . Men  ham  yaqinda  9-may –Xotira  va  qadrlash  kuni  arafasida  jonajon  qishlog’imizga  bordim. O’qituvchim  menga  xotira  kuni  munosabati  bilan  “Mening  bobom  va buvim - qahramon”  mavzusida  insholar  tanlovi  o’tkazilayotganligi  haqida  aytgan  edi.  Shuning  uchun  qishlog’imizdagi  urush  faxriysi  hisoblangan  Sebar  momo  Mustafoyevaning  oldiga  bordim .Fursatdan  foydalanib,  momodan  urush  davri  to’g’risida  so’zlab  berishini  iltimos  qildim.  U  kishi  menga  iztiroblarga  to’la  hayotini  uzoq  vaqt  aytib  berdi: “Men  1926-yil  Navoiy  viloyati  Nurota  tumani  Qizilcha  qishlog’ida  dunyoga  kelganman. Shoir  Hamid  Olimjon “Men bir  qora  kunda  tug’ildim, Tug’ildim-u  shu  on  bo’g’ildim “  deganidek, mening  bolaligim  urush  yillariga  to’g’ri  kelgan , shu  bois  yoshligimda  ko’p  qiyinchiliklarni  boshdan  o’tkazdim, bolalik  beg’uborligi  nima  ekanligini  bilmay, bu  tuyg’uni  his  etmay  yashadim. Urush  olovi  bizning  tog’  orasidagi  qishloqni  ham  o’z  domiga  tortib  ketdi. O’shanda  o’n  uch  yoshli  qizaloq  edim. Qishlog’imizdagi  ko’p  erkaklar  askarlikka  safarbar  etilganligi  uchun  hamma  ish  keksalar, ayollar  va  bolalar  zimmasida  edi. Shu  bois  faqat  dalada  mehnat  qilganmiz. O’roq  o’rganmiz, bug’doy, paxta  yetishtirganmiz. Kun-u  tun ,  ayniqsa, oqshomlari  oyoqyalang  yurib  ishlaganmiz. Oyog’imizga  oyoq  kiyim  olishga  pul  bo’lmagan. U  paytlari  mashina  bo’lmaganligi  tufayli  barcha  yumushlarni  o’zimiz  bajarganmiz. Aravakashlar  esa  biz  o’rgan  bug’doylarni  Navoiyga  olib  ketar  edi. Daladan  bo’shagandan  so’ng  ham  bizda  tinim  bo’lmagan . Qo’y, echki,sigir  sog’ib,  sutni  ham  jo’natganmiz. O’zimiz  mehnat  qilib  sog’gan  sutdan  ichgimiz  kelar, ammo bunga  ruxsat  yo’q  edi. Shuncha  qilgan  xizmatlarimiz  evaziga  yo  qurut, yo  sabzi  berar  edi,  qo’limizga  pul  tegmagan. Kunlik  ovqatimizni  aytsam, jo’xori  atalasi  bilan  o’choqdagi  qora  qozonda  pishirilgan  yupqa  non  yeganmiz. Qayerdan  qornimiz  to’yadi,  qayerdan  ust-boshimiz  butun  bo’ladi, degan  savol  bilan  yashaganmiz ”. Momo  tez-tez  “Ko’p  qiynalganman” deya  takrorlar  va  so’zini  davom  ettirar  edi: “Urush  yillarida  milliy  bayramlar  o’tkazilmagan. Biz  uchun  bir  burda  non  topgan  kunimizning  o’zi  bayram  edi. Maktabdagi  o’qituvchilarning  ko’pchiligi  urushga  ketgan ,  shuning  uchun  deyarli  maktab  tahsilini  olmaganmiz. Ba’zi-ba’zida  darslarga  borganmiz.  Bir  sinfda  har  xil  yoshdagi  bolalar  o’qigan. Maktabga  borsak,  urushdan  qaytgan  ustozimiz  jarohati  qiynasa-da, ikki  qo’ltiqtayoqqa  suyanib,  biz  uchun  atayin  nurab  yotgan  ilm  maskaniga  kelar,  stuldan  zo’rg’a  oyoqqa  turib  olar,  so’ngra  doskaga  yozar  edi. O’qituvchimizning  og’rig’ini  biz  ham  his  etar  edik. Keyin  esa  singan  qalam , uchi  qirilgan  peroda  daftarga  ustozimiz  yozganlarini  ko’chirib  olar  edik. Qizim, u  kunlarni  sen  tasavvur  ham  qila  olmaysan”. Sebar  momoning  aytganlarini  tinglar  ekanman, u  kishining  qalbidagi  jarohat  hali  bitmaganligini, yuzlarida  o’sha  urush  xotiralari  aks  etganligini  tushunib  yetdim.  Momoning  o’ychan yosh to’la  ko’zlariga  qarab,  suhbatni  davom  ettirishini,  oilasi  haqida  so’zlab  berishini  so’radim .
       Sebar  momo  bu  iltimosimni  ham  rad  etmadi: “Men  oilada  bitta  farzand  bo’lganman. Onam  kasal  bo’lib  qolganligi  uchun  boshqa  farzand  ko’ra  olmagan.  Oradan  vaqt  o’tgandan  so’ng  onam  dunyodan  o’tib  qoldi. Shungacha  men  o’zim  ularning  holidan  xabar  olganman,  so’nggi  yo’lga  ham  kuzatganman. So’ngra  otam  boshqa  ayolga  uylandi.  Keyinchalik  otam  meni  armiyadan  kelgan  Berkin  ismli  yigitga  turmushga  berdi. Farzandlarimizdan  to’rttasi  o’g’il  va  yettitasi  qiz  bo’lgan. O’g’illarimning  uchtasi olamdan  bevaqt  ko’z  yumishgan. Katta  o’g’lim  Mustafoyev  Bahrom  mayor  bo’lib  ishlab  yurgan  kezlari  yurak  kasali  tufayli  vafot  etgan.  Yana  bir  o’g’lim  va  turmush  o’rtog’im  avtohalokatga  uchrab  omon  qolgan  bo’lsalar-da, o’g’lim  oyog’idan  qattiq  jarohat  olgan , oqibatda  esa  duyoni bevaqt tark  etgan. Men  ham  farzandlari  uchun  jon  kuydiruvchi  mehribon  onalardan  biri  edim. Turmush  o’rtogim  urushga   ketgan  vaqti  bolalarimni  o’zim  tarbiyalab,  bag’rimda  o’stirganman. Farzandlarim  och  qolmasin  deb,  tinmay  yelib-yugurganman. Ularni  boqish  uchun  ayrim  medallarimizni  pullab, yegulik  sotib  olganman  va  farzandlarimga  ulashganman. O’sha  vaqtlari  kiyim- bosh  olishga  ham  imkoniyatimiz  yo’q  edi. O’zim  matolardan  turli  kiyimlar  tikib  berganman. Shu  farzandlarim  uchun  o’zimni  o’qqa- cho’qqa  urganman. Ollohga  shukur, hozir  ular  mening  ana  shu  mehnatlarimni  oqlagan . Ularning  hammasi  o’qimishli , yaxshi mansablarda  ishlashayapti”. Sebar  momoning  gaplari  menga  taniqli  shoir  Mirtemirning  “Toshbu”  she’rini  eslatib  yubordi. Ushbu  she’rda  ham  xuddi  Sebar  momo  singari  jafokash  ayollarning  taqdiri  aks  ettirilgan.
      Momo  har  soniyada  qayta-qayta  urush  davrida  qiynalganini  takrorlar  va  og’ir  xo’rsinib  qo’yar  edi. Men  momoga: “Momojon, Berkin  otaning  ko’rsatgan  qahramonliklari  haqida  ham  gapirib  bering “ ,- deb  so’radim. Sebar  momo  miyig’ida  kulib  oldi. O’ylashimcha, buning  sababi  xo’jayini  to’g’risida  gapirishdan  biroz  uyalganligi  edi: “ Turmush  o’rtog’im  1922-yilda  tug’ilgan. 18 yoshida  urushga  ketib , yetti  yil  olovli  yo’llarda  yurgan. Nemis  askarlariga  qarshi  mardonavor  kurashgan. Xo’jayinimning  bir  qahramonligiga  qoyil  qolaman-da : urush  ketayotgan  vaqtda  u  kishi  nemislarning  bir  yosh  juvonni  va  qo’lidagi  norasida  go’dakni  qiynayotganini  ko’rib  qolibdi . Ulardan  biri  ayolning  qo’lidagi  chaqaloqni  tortib  olibdi va  yerga  yotqizib , qiynab  o’ldirmoqchi  bo’libdi. Turmush  o’rtog’im  bundan  g’azablanib,  jonini  xatarga  qo’yib  bo’lsa   ham  ularni  vahshiylarning  changalidan  qutqaribdi. Berkin  bobong  urush  davrlarida  okopda  yotgan  vaqti  tepasidan  otilgan  o’q  ovozlaridan  yuragi  zaiflashgan. Shuning  uchun  58  yoshida  betobligi  sababli  vafot  etgan. U  kishining  vafotidan  so’ng  qishlog’imizga  Moskvadan  bir  gazeta  keldi. Gazetada  o’zi  va  yana  ikkita  o’zbek  jangchisi  bilan  tushgan  rasmi  bor  ekan. Rasmga  qarab  bir  zum  o’yga  tolgandek  jimib  qolganim  esimda ,chunki  turmush  o’rtog’imning  chaqnoq  ko’zlari  endi  fashistlarga  nisbatan  nafratga, yosh  qalbi  Vatan, oila  sog’inchiga  to’lganini  his  qilgan  edim. Biz  bobongning   qahramonona  surati  gazetaga  chiqqanligi  uchun  qishloqda  qo’y  so’yib , ma’raka  o’tkazdik. Berkin  bobongning  nomi  o’chib  ketgani  yo’q , qizim. U  kishining  nomi  Qizilcha  qishlog’idagi  birinchi  fermer  xo’jaligiga  berilgan”. Sebar  momoning  bu  so’zlaridan  shuni  angladimki,  qahramon  momoning  turmush  o’rtog’i  Mustafoyev  Berkin  ota  ham  chinakam  qahramon  inson  bo’lgan  ekan.
     Bugungi  kunda  esa  qahramon  onaxonimiz – Sebar  momo  tinch , farovon  hayotga  shukronalar  aytib  yashamoqda. Yurt  tinchligidan ,  mamlakat  obodligidan  hali  ham  tetik  va  bardam. Endilikda  momoning  62  nafar  nabira,  80  nafardan  ortiq  chevara ,  5  nafar  evaralari  bor. Momo  ularga  hayot  ilmidan  saboq  berib  charchamaydi . Hozirda  Sebar  momo  Zarafshon  shahrining  “Geolog”  mahallasidagi  kenja  o’g’li  Nuriddin  akanikida  istiqomat  qilmoqda. Mahalladoshlari,  qo’ni-qo’shnilari  momoni  tez-tez  yo’qlab  turishar , ulardan  hayot  hikmatini  olishar  ekan. Ayni  damda  Prezidentimiz  tomonidan  urush  faxriylariga  kata  e’tibor  qaratilmoqda. Shu  tufayli  Sebar  momoning  front  ortida  ko’rsatgan  jasoratlari  inobatga  olinib, “Ikkinchi  jahon  urushidagi g’alabaning  50  yilligi  munosabati  bilan” , “Ikkinchi  jahon  urushidagi  g’alabaning  70  yilligi  munosabati  bilan” kabi  medallar  va “Shuhrat”  medali  bilan  taqdirlangan. Har  yili  9-may-Xotira  va  qadrlash  kuni  arafasida  momoga  yurtboshimiz  tomonidan  sovg’a-salomlar  keladi. Sebar  momo  bunday  hurmat  va  e’tibordan  minnatdor. U kishi  ko’p  azob-mashaqqatlar  ortidan  shundayin  nurafshon  zamonlarga , zulmatga  to’la  davrlardan  yorug’  kunlarga  yetib  kelganligiga  shukurlar  aytib  yashamoqd

Jasorat haqida yozish

Siz xotira.uz portalida yaqinlaringiz urushda ko‘rsatgan jasorati haqida so‘zlab berish imkoniga egasiz. Biz birgalikda Ikkinchi jahon urushida vatandoshlarimiz ko‘rsatgan jasorati haqidagi xotirani saqlab qolamiz va kelajak avlodga yetkazamiz.