Rang sxemasi

Mirzakalon Ismoiliy


02.05.2018

Mirzakalon Ismoiliy (1908 yil 14 oktyabr - 1986 yil 5 fevral). Yozuvchi va mohir tarjimon Mirzakalon Ismoiliy urushning dastlabki kunlarida “Biz yengamiz!” kinostsenariysini yozdi va film suratga olindi. Stalingraddan to Berlinga qadar adib qo‘lda ham qalam, ham qurol bilan bordi. Urush vaqtida tashkil topgan o‘zbek tilidagi 13 ta front gazetalaridan to‘ng‘ich gazetasida mas’ul kotib, harbiy muxbir, muharrir o‘rinbosari vazifalarida ishladi. Keyinchalik, uning ijodiga mansub urush davrining jangovar lavhalari, mushohadalari “Mardlik qissalari”, “Shonli sahifalar”, “Qahramon haqida hikoyalar” nomli to‘plamlarda e’lon qilindi. 1965 yili “Harbiy hikoyalar kutubxonasi” seriyasida front gazetalarida e’lon qilingan yuzlab ocherklardan ayrim namunalari jamlangan “Ozod inson haqida qo‘shiq” nashr etildi. 

1931 yili sovetlarga qarshi to‘garak tashkil etishda ayblanib qamalgan Mirzakalon Ismoiliy urushdan keyin ham Stalin zamonining ikkinchi repressiyasiga uchrab, hibsga olindi. Qamoq muddatini, aniqrog‘i,  to‘rt yil-u to‘rt oyni Qarag‘andaning shaxtalarida o‘tadi. Aynan shu davrda, shu qamoqda “Farg‘ona tong otguncha” romanining birinchi kitobi - “Qa’r guldurosi”ni yozdi. Kitob, adib oqlangach, 1958 yili nashr etildi. “Farg‘ona tong otguncha” romanining ikkinchi kitobi - “So‘nggi kecha” 1967 yili chop etildi. 

Adibning “Bizning roman” va “O‘zingdan ko‘r” axloqiy mavzudagi qissalari, “Odamiylik qissasi”, “Inson husni”, “Qizlar daftariga” deb nomlangan ma’rifiy asarlari el aro mashhur bo‘ldi.  

O‘zbek kitobxoniga jahon adabiyotini tanitishda adibning xizmati katta. M. Ismoiliy tarjima sohasiga 1928 yili “Muzikachi Yanko” asari bilan kirib keldi. U L. Tolstoyning “Tirilish”, “Anna Karenina”, Novikov - Priboyning “TSusima”, Jyul Vernning “Sirli orol”, Lope de Veganing “It pichan yemas, otga ham bermas”, K. Galdonining “Ikki boyga bir malay”, V. Shekspirning “Behuda shov-shuv”, M. Sholoxovning “Inson taqdiri”, E. L. Voynichning “So‘na”,  Rashod Nuri Guntekinning “Choliqushi” kabi asarlarni o‘zbek tiliga o‘girdi. Adib butun faoliyati davomida 200 dan ortiq asarlarni tarjima qilgan. 

Yozuvchiga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi” unvoni berilgan. Toshkentdagi Darxon mavzesida o‘zi yashagan mahalla, Buloqboshidagi maktab va kinoteatr Mirzakalon Ismoiliy nomi bilan ataladi.

Mening otam Mirzakalon Ismoiliy 50-yillar qatag‘oniga uchrab “jazo” (aslida...) muddatini Qarag‘anda shaxtalarida o‘tadilar. Uch yoshligimda onamlar - Zuhraxon aya meni ham u yerga olib bordilar. Bu albatta maxsus ruxsat orqali amalga oshgan. Yodimda qolgani yer qo‘rg‘oshin bilan bitta edi. Demak dadamlar qo‘rg‘oshin konida qatag‘on qilinganlar qatorida og‘ir mehnat qilganlar...

Bir kuni dadamni qamoqdan olib kelgan krujkalari kattaligidan hayratlanib, “bu krujka nimaga mo‘ljallangan?” deb so‘radim. Shunda ular qamoqda ovqat oldidan bir krujka suv ichishganligini, shu yo‘l bilan qorin to‘q tutilishini aytib bergandilar.

“Xalq dushmani”ning oilasi og‘ir sharoitda qolishi sir emas. 

Oilamizga o‘z uyimizdan bir xonagina ajratildi. Qolgan xonalarga boshqa millatlarga mansub bir qancha oilalar joylashtirildi. Hatto dadam qaytganidan keyin ham ulardan biri ayvon bilan birga berilgan xonalarni anchagacha bo‘shatib bermadi. 

O‘sha yillar opalarim Floraxon, Faridaxon, Oyzuhraxon, akalarim Farruxxon, Xasanxon va meni maktabda, ko‘chada “xalq dushmani bolalari” deb turtkilashgan vaqtlar edi...

Ayamlar ishdan bo‘sh vaqtda, asosan yarim kechasi jabo yoqachalarini uyda tikardilar. Opalarim ham ayamni oldiga kirib, tunu kun shu ish bilan mashg‘ul bo‘lishardi. Oilamiz yoqachalarni sanatoriylarda sotib kun kechirardi. Ba’zan u yerlarga meni ham olib ketishardi. Bir kuni transportda odamlar meni gapga solish maqsadida qayerga ketayotganimizni so‘rashdi. Bola emasmanmi, borini tafsilotlari bilan gapirib berdim. Keyin ayam va opalarim bunday qilish mumkin emasligini uqtirishdi. Keyingi safar so‘rashganida - “Mi ne spekulyanti. Mi ne yezdim vorotnichki prodavat” (Biz chayqovchi emasmiz. Biz yoqa sotgani ketmayapmiz) - degan ekanman.   

O‘sha yillari uy ishlariga to‘qqiz-o‘n yashar Oyzuhraxon opam  balogardon edi.  Menga ham qarash asosan ularning zimmalarida edi. Oyzuhraxon opam hatto kasallikni oyoqda o‘tkazib yubordilar...   

Dadam oqlanib, qamoqdan qaytib kelganlarida farzandlar safida Oyzuhraxon opam yo‘q edi. Barcha nohaqliklarga chidagan adamga yana bu judolik...  

Qamoqda yozilgan “Farg‘ona tong otguncha” romani ustida ish qaytganlaridan keyin yana oq qog‘ozdan boshlandi. Bir kuni dadam ijod qiladigan xonalaridan “Hayotxon o‘ldi” deb ko‘z yoshlari bilan chiqdilar. Shunda men “Dada, o‘ldirmang! Axir sizning qo‘lingizda-ku” - deb aytgan edim, “Yo‘q, mening qo‘limda emas” - deb javob berdilar.

 

Adibning qizi Marikaxon aya xotiralaridan.

Jasorat haqida yozish

Siz xotira.uz portalida yaqinlaringiz urushda ko‘rsatgan jasorati haqida so‘zlab berish imkoniga egasiz. Biz birgalikda Ikkinchi jahon urushida vatandoshlarimiz ko‘rsatgan jasorati haqidagi xotirani saqlab qolamiz va kelajak avlodga yetkazamiz.