Rang sxemasi

Midjahid Xodiyev


26.04.2018

Bu yil 93 yoshni qarshi olayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Midjahid Xodiyev Rossiya Federatsiyasining Samara viloyatida tug‘ilgan. Besh yoshida ularning oilasi Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumaniga ko‘chib kelgan. Midjahid shu yerda o‘sib, ulg‘aydi. Maktabni tugatgach, harbiy xizmatga chaqirildi. Snayperlar tayyorlaydigan ikki oylik kursda o‘qib, jangovar qurolni ishlatish sirlarini puxta o‘zlashtirdi. 

– O‘shanda 17 yoshda edim, – deya eslaydi Midjahid bobo. – 1944 yil fevral oyida bizni urushga jo‘natishdi. Vengriyaga bordik. O‘sha yillarni yodga olsam, Vatanga mehr, yovga nafrat tuyg‘usi bizga kuch-quvvat bergan, deyman. Yer yuzini niyati buzuq gazandalardan tozalashga undagan. Urushning nomi o‘chsin. U ko‘plab yaxshi insonlar, do‘stlarimning yostig‘ini quritdi. Shaharu qishloqlarni vayron qildi. O‘zim nogiron bo‘lib qoldim. 

...Urushning so‘nggi oylari. Quroldosh do‘sti bilan 20 ga yaqin dushmanni yer tishlatdi. So‘nggi dushmanning o‘qi kutilmaganda Midjahidning chap oyog‘ini yaraladi. Og‘ir ekan, harbiy gospitalga tushdi. Bir oyog‘idan ajralgan jangchi ko‘kragida orden, medallar bilan Qumqo‘rg‘onga qaytdi. 

 
2.jpg 

O‘sha yili Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, I guruh nogironi Midjahid Xodiyev Dushanbe pedagogika institutiga hujjat topshirib, talaba bo‘ldi. O‘z oldiga yosh avlod kamoloti yo‘lida xizmat qilishni, hayotini ularning baxtu kamoliga bag‘ishlashni maqsad qilgan Midjahid urushdan keyingi tiklanish va ocharchilik yillarida institutni muvaffaqiyatli tugatdi. Bir olam orzular bilan yana Qumqo‘rg‘onga qaytdi. Qirq yil tumandagi 10-umumta’lim maktabida mehnat qilib, navqiron avlodga geografiya fanidan saboq berdi. Oila qurib, ikki o‘g‘il, ikki qizni tarbiyaladi. Yigirma olti yildirki, Termiz shahrida farovon turmush kechirmoqda. 13 nabira, 27 chevara va to‘rt evaraning suyukli bobosi. 

– Bobom urushda el-yurt tinchligi uchun kurashgan, – deydi nabirasi Rafael Ahmedjonov. – Bizga bu haqda ko‘p gapirib beradilar. Bolalikda boshidan o‘tkazgan og‘ir kunlarni tez-tez xotirlab turadi. O‘zlarining qimmatli maslahatlari, o‘gitlari bilan yoshlarni to‘g‘ri yashashga undaydi. Har tong “biz ko‘rgan og‘ir kunlarni, urushni ilohim sizlar ko‘rmanglar”, degan duoni kanda qilmaydi. Bobomning jasorati, yurtga sadoqati va mehriga havas qilaman. 

Mamlakatimizda keksa avlod vakillari, ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar ularning yoshiga yosh qo‘shmoqda. Mustaqillik yillari Midjahid Xodiyev urush va undan keyingi yillardagi xizmatlari uchun “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. 
 
6 (1).jpg 

– Bunday e’tibordan har yili o‘zimni yoshargandek his etaman, – deydi otaxon. – Harbiylar, yoshlar, mahalladan kelib, hol-ahvol so‘rab turishadi. Bayramlar arafasida yo‘qlab, sovg‘a-salomlar ulashadi. Davlatimiz rahbarining Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risidagi farmoni, Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha qarorini televizorda eshitib, boshim osmonga yetgandek bo‘ldi. Bu yil ham bayram shukuhidan bahra olish nasib etganidan shukr qilib yashayapman. 
 
Manba

Jasorat haqida yozish

Siz xotira.uz portalida yaqinlaringiz urushda ko‘rsatgan jasorati haqida so‘zlab berish imkoniga egasiz. Biz birgalikda Ikkinchi jahon urushida vatandoshlarimiz ko‘rsatgan jasorati haqidagi xotirani saqlab qolamiz va kelajak avlodga yetkazamiz.